O‘zbekiston | 12:41 / 07.10.2021
3126
3 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda «mahallabay» tadbirkorlikni rivojlantirish orqali 20 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi

Sirdaryoda kelgusi besh yilda 60 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlarini yaratish va kambag‘allikni 2 barobarga qisqartirish ustuvor vazifa bo‘ladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev ma'lum qildi.

Foto: kun.uz

“Buning uchun, avvalambor, “mahallabay” tadbirkorlikni jadal rivojlantirish orqali 20 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi. Bu ishlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 2,5 trillion so‘m imtiyozli kredit resurslarini ajratamiz.

Shu o‘rinda, Sayxunobod tumani misolida, tumanni  “ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hudud”ga aylantirish bo‘yicha yangi “mahallabay” ishlash tizimiga to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Tumandagi mavjud 19 ta mahallaning 2 tasi “qizil” va 14 tasi “sariq” mahalla toifasiga kiradi. Hozirgi paytda tumanda 4 mingta mehnatga layoqatli aholi ish bilan ta'minlanmagan. Bunga qo‘shimcha ravishda, har yili 1,5 ming yoshlar mehnat bozoriga ilk bor kirib keladi. Shuningdek, tumanda 92 ta oila kambag‘al toifaga kiritilgan.

Yangi “mahallabay” tizimni bevosita quyi bo‘g‘inda joriy qilish uchun, tumandagi mahallalarga biriktiriladigan “hokim yordamchilari” lavozimlari joriy etiladi. Ular mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish orqali kambag‘allikni qisqartirish va yangi ish joylarini tashkil etish bo‘yicha, tizimli ishlarni tashkil etadi. Ushbu yordamchilarga mahallalarda oilaviy tadbirkorlik kreditlarini berish, lider tadbirkorlar loyihalarini amalga oshirishda ko‘maklashish, ehtiyojmand oilalarga subsidiyalar ajratish va ularni jamoat ishlariga jalb qilish, yoshlarni kasbga o‘qitish bo‘yicha moliyaviy instrumentlar beriladi. 

Sayxunobod tumanida jami 2 trillion so‘mlik 141 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish hisobiga, 5 mingta ish o‘rni tashkil etiladi. Jumladan, tumanda 2 ta yangi kichik sanoat zonasini tashkil etish orqali – 500 ta; mavjud korxonalar faoliyatini kengaytirish hisobiga – 1,5 mingta; qishloq xo‘jaligida – 5 mingta, jumladan paxta va g‘alladan qisqargan yerlarni aholiga berish orqali – 3 mingta; 70 ta xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, 40 ta yo‘l bo‘yi servis obektini qurish orqali – 900 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. 

Hokim yordamchilariga amaliy yordam berish maqsadida, iqtisodiy idoralar va tijorat banklari rahbarlari biriktiriladi”, dedi prezidentlikka nomzod.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid