19:30 / 07.10.2021
3699

Vazirlik mulozimi: «Sovuq urgan kuzgi ekinlar zararini bahordagisi bilan qoplash bo‘yicha ishlayapmiz»

7 oktabr kuni Milliy matbuot markazida Qishloq xo‘jaligi vazirligining so‘nggi 5 yillik faoliyati yuzasidan matbuot anjumani tashkil qilindi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Tadbirda ta'kidlanishicha, 2017-21 yillar davomida Harakatlar strategiyasini amalga oshirish davomida qishloq xo‘jaligi sohasida 17 ta qonun, prezidentning 29 ta farmoni va 143 ta qarori, hukumatning 183 ta qarori qabul qilingan.

Respublikada hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, 60 ga yaqin tuman meva-sabzavotchilik yetishtirishga ixtisoslashtirilgan. Shuningdek, meva-sabzavotlarning eksport geografiyasi va hajmi oshib, 90 dan ortiq mamlakatga 100 dan ortiq turdagi mahsulotlar eksporti boshlangan.

Tadbirda jurnalistlar tomonidan O‘zbekistonda har yili erta bahorda ko‘p miqdordagi meva va sabzavot mahsulotlarini sovuq urib ketayotgani, bunga esa Qishloq xo‘jaligi vazirligining Gidrometeorologiya markazi bilan munosabatlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ymagani sabab ekanligi borasida savol bilan murojaat qilindi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Asror Jo‘rayevga ko‘ra, haqiqatan ham ob-havo va iqlim o‘zgarishlari haqida dehqon hamda fermerlarni ogohlantirish tizimida ko‘plab muammolar mavjud.

Asror Jo‘rayev

«Biz bu kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha bir qancha ishlarni amalga oshiryapmiz. Masalan, qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish bo‘yicha mobil ilovalar yaratib, Gidrometeorologiya xizmati bilan ham hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz.

Bu muammolar jahonda ham bor. Chunki iqlim o‘zgarishlariga tayyor turish, uning oldini olish va zararini kamaytirish bo‘yicha katta ish qilib bo‘lmaydi. Chunki qurg‘oqchilik kelishi, haroratning tushib yoki ko‘tarilib ketishining oldini olish mumkin emas. Uni faqatgina boshoratlash mumkin.

Bu yilning o‘zida tabiat injiqliklarining iqtisodimizga ta'sirini ko‘rib turibmiz. Vazirlik hozir shu sharoitlarga qarab ekinlarni joylashtirish ustida ishlayapti. Kuzgi ekinlardan zarar ko‘rsak, bu zararni bahorgi ekinlar bilan qoplash bo‘yicha», – dedi Asror Jo‘rayev.

Top