O‘zbekiston | 12:36 / 07.10.2021
3303
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoydagi elchixona va Investitsiyalar vazirligining Xitoydagi vakolatxonasi Sirdaryoga biriktiriladi 

Endi Xitoydagi elchixona hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Xitoydagi vakolatxonasi Sirdaryoga biriktiriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev ma'lum qildi.

Foto: Milliy mass-media fondi

“Xitoylik investorlarning viloyatga qiziqishlari katta. Endi Xitoydagi elchixonamiz hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Xitoydagi vakolatxonasi Sirdaryoga biriktiriladi. 

Shu bilan birga, sanoati past rivojlangan Oqoltin, Xovos, Boyovut, Sardoba va Guliston tumanlari to‘liq “industrial zona”larga aylantiriladi.

O‘zimizda ishlab chiqarilmaydigan, faqat o‘z sanoati ehtiyojlari uchun foydalaniladigan asbob-uskuna, butlovchi va ehtiyot qismlar, bojxona bojlari to‘lashdan uch yilga ozod qilinadi.

Umuman olganda, viloyatda “drayver” bo‘lgan energetika, kimyo, to‘qimachilik, qurilish materiallari, farmatsevtika va boshqa tarmoqlarda kelgusi besh yilda 5 milliard dollarlik 2 mingta investitsiya loyihalari amalga oshirilib, 60 mingta doimiy ish o‘rinlari yaratiladi.

Jumladan, energetika sohasida 2,4 milliard dollarlik loyihalar doirasida, quvvati 3 ming 220 Megavatt bo‘lgan elektr stansiyalari barpo etiladi.

Misol uchun, Saudiya Arabistoni “Akva Paur” korxonasining 1 milliard dollar investitsiyasi hisobiga, 1,5 ming Mega-vattli elektr stansiya ishga tushirilib, aholi va korxonalar uzluksiz elektr energiyasi bilan ta'minlanadi.

Kimyo sanoatida kelgusi besh yilda qiymati 600 million dollarlik 38 ta loyiha amalga oshirilib, 5 mingta yangi ish o‘rni tashkil etiladi. Natijada, yiliga 200 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Misol uchun, Sirdaryo tumanida 40 gektar maydonda, polimer mahsulotlarni ishlab chiqarish “texnoparki” tashkil etilib, 350 million dollarlik 8 ta yirik loyiha amalga oshiriladi va 2 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi. Shuningdek, texnoparkda jahonga mashhur va mahalliy brendlar bilan kooperatsiya aloqalari o‘rnatiladi.

Yana bir “drayver” – to‘qimachilik sanoatida 800 million dollarlik investitsiyalar hisobidan, 90 ta loyiha ishga tushiriladi va 20 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi. Natijada, ip kalavani qayta ishlash darajasi hozirgi 38 foizdan – 75 foizgacha oshiriladi hamda eksport hajmi 200 million dollarga yetkaziladi”, dedi prezidentlikka nomzod.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid