O‘zbekiston | 13:05 / 08.10.2021
2405
3 daqiqa o‘qiladi

Besh yilda 6,6 mlrd dollarlik loyihalar amalga oshirilib, 130 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi - Shavkat Mirziyoyev

Surxondaryo viloyati yalpi hududiy mahsulotdagi sanoatning ulushi 7,8 foizni tashkil etadi va bu respublikada past ko‘rsatgichlardan biri hisoblanadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev aytib o‘tdi.

Foto: Milliy mass-media fondi

“Viloyatning tuman va shaharlarida sanoat bir maromda o‘sayotgani yo‘q. Bu borada Surxon vohasining Alloh bergan mavjud tabiiy, noruda va qazilma resurslaridan to‘liq foydalana olmayapmiz. Shuning uchun, viloyatda investitsion va tadbirkorlik faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida, kelgusi besh yilda sanoat tarmoqlarida 6,6 milliard dollarlik 5 mingdan ziyod investitsiya loyihalari amalga oshirilib, 130 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Viloyat uchun asosiy drayver bo‘lgan qurilish materiallari, to‘qimachilik, ipakchilik, oziq-ovqat, charm-poyabzal kabi sohalardagi loyihalarga alohida e'tibor beriladi. Jumladan, qurilish materiallari sanoatida 1 milliard dollarlik 900 ta loyihalarni ishga tushirish hisobiga 14 mingdan ziyod ish o‘rinlari yaratiladi, ishlab chiqarish hajmi 5 barobarga ko‘payadi, hamda yiliga 670 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi va 280 million dollarlik eksportbop mahsulotlar ishlab chiqariladi.

Viloyatda mavjud 64 ta kon to‘liq o‘zlashtirilib, xususiy sektorga beriladi, shuningdek bazalt, gips, shisha, keramzit uchun xomashyosi, qurilish va pardozbop toshlar va ohaktosh mavjud bo‘lgan 75 ta istiqbolli maydonlarda geologiya-qidiruv ishlari yakuniga yetkaziladi.

Sariosiyo, Sherobod, Boysun va Jarqo‘rg‘on tumanlarida qurilish materiallari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan “xomashyodan – tayyor mahsulotgacha” tamoyili asosida “Industrial zona”lar tashkil etiladi. Ushbu tumanlarda 20 dan ziyod noruda konlari bo‘yicha geologiya-qidiruv ishlariga qo‘shimcha 100 milliard so‘m mablag‘lar ajratiladi.

Bundan tashqari, to‘qimachilik sanoatida 250 million dollarlik 42 ta yirik loyihalarni ishga tushirish natijasida 21 mingta yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi va viloyatdagi ip kalavaning qayta ishlash darajasi hozirgi 22 foizdan 60 foizga yetkaziladi, ipakchilik sohasida 165 million dollarlik 58 ta loyiha ishga tushirilib, ipak mato ishlab chiqarish hajmi 2 barobarga, ipak gilamlari hajmi 5 barobarga oshiriladi hamda qo‘shimcha ravishda 18 mingta doimiy va 110 mingta mavsumiy ish o‘rinlari yaratiladi, charm-poyabzal sohasida 120 million dollarlik 37 ta yangi loyihalar ishga tushirilib, hozirgi xomashyo va yarim tayyor mahsulotlardan tayyor eksportbop poyabzal va charm-attorlik mahsulotlarni ishlab chiqarishga o‘tiladi. Natijada, 5 mingta yangi ish o‘rinlari va 90 million dollarlik qo‘shimcha eksport imkoniyatlari yaratiladi”, dedi prezidentlikka nomzod.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid