O‘zbekiston | 12:44 / 08.10.2021
5580
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Surxondaryoda suv, «svet» va yo‘l bo‘yicha qanday ishlar rejalashtirilganini ochiqladi

2022-2026 yillar Surxondaryoda aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash besh yilligi deb e'lon qilinadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev aytib o‘tdi.

Foto: Milliy mass-media fondi

“ Surxondaryoni ichimlik suvi bilan ta'minlash masalasi juda jiddiy. Men o‘z rejalarimni aytaman, ajratilgan pullar ham tayyor, lekin sizlarda ham takliflar bo‘lsa, eshitishga tayyorman. Chunki toza ichimlik suvi yo‘qligi, ko‘plab kasalliklarga sabab bo‘lyapti, ayniqsa jigarga katta zarar keltiryapti. Kelgusi besh yilda viloyatda 1 ming 700 kilometr ichimlik suv tarmoqlari va 96 ta suv inshootlari barpo etiladi.

Kelgusi besh yilda viloyatda 1 ming 700 kilometr ichimlik suv tarmoqlari va 96 ta suv inshootlari barpo etiladi. Aniq misollar bilan aytadigan bo‘lsak, megaloyiha – “To‘palang” suv omboridan Termizgacha 361 kilometr uzunlikdagi magistral suv tarmog‘i quriladi. Bunga 138 million dollar ajratamiz. 

Shu bilan birga, Muzrabot, Sherobod tumanlarida ichimlik suvi ta'minoti yaxshilanadi, Termiz shahrining oqova suv tizimi rekonstruksiya qilinadi hamda Sariosiyo, Denov, Jarqo‘rg‘on, Muzrabot, Sherobod, Qumqo‘rg‘on, Oltinsoy, Sho‘rchi tumanlarida oqova suv tizimlari quriladi.

Umuman, markazlashgan ichimlik suvi bilan ta'minlanish darajasi 57 foizdan 80 foizga yetkaziladi va 800 ming nafar aholi ilk bor toza ichimlik suvi bilan ta'minlanadi, 870 ming nafar aholining suv ta'minoti yaxshilanadi, kanalizatsiya xizmati bilan ta'minlanish darajasi 4 foizdan 22 foizga yetadi. Bu maqsadlarga 5,5 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltiramiz.

Yana bir muhim masala – kelgusi besh yilda 20 ming xonadonli 600 dan ziyod ko‘p qavatli uy-joylar quriladi. Shundan, qariyb 3 mingta xonadon ehtiyojmand oilalarga ajratilib, ularga ipoteka krediti bo‘yicha 120 milliard so‘mlik subsidiya beriladi. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 150 ta qishloq va mahallani obod qilish, ijtimoiy soha obektlari va ichki yo‘llarni qurish-ta'mirlash ishlariga har yili 500 milliard so‘m yo‘naltiriladi. 

Elektr energiyasi ta'minotini yaxshilash maqsadida, kelgusi besh yilda 5,5 ming kilometr past va yuqori kuchlanishli tarmoqlar, 1,5 mingta transformator yangidan quriladi va ta'mirlanadi. Buning hisobiga 264 mingdan ziyod aholi xonadonlari hamda 6 mingdan ziyod ijtimoiy soha va tadbirkorlik obektlarining elektr ta'minoti barqarorlashadi.

Termiz tumanidan Termiz shahriga qo‘shilgan mahallalarni bog‘lash uchun yirik yo‘l o‘tkazgich barpo etiladi. Shuningdek, kelgusi besh yilda 6 ming kilometr avtomobil yo‘llari va ko‘chalar, 300 ta ko‘prikni qurish-ta'mirlash ishlari bajariladi. Bunga 2 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, “Darband-Denov”, “Toshkent-Termiz” va “Dushanbe-Termiz” yo‘nalishi bo‘yicha 180 kilometr avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilishga xalqaro moliyaviy institutlarining mablag‘laridan 380 million dollarlik loyihalar amalga oshiriladi”, dedi amaldagi prezident.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid