O‘zbekiston | 12:49 / 08.10.2021
6069
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda 15 ming gektar paxta va g‘alla maydonlari ochiq tanlov asosida aholiga ajratiladi

Surxondaryo viloyatining jami 15 ming gektar paxta va g‘alla maydonlari ochiq tanlov asosida aholiga ajratiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev ma'lum qildi.

Foto: Kun.uz

“Viloyatda qishloq xo‘jaligida eksportni eng kamida 5 barobarga oshirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Viloyatning bebaho tabiatidan foydalanib, ertaki mahsulotlarni yetishtirish orqali yiliga 3 marta hosil olish shart va zarur. Bu viloyat uchun juda katta imkoniyatdir.

Viloyatning jami 15 ming gektar paxta va g‘alla maydonlari ochiq tanlov asosida aholiga ajratiladi. Agar bu tajriba tez orada o‘z samarasini bersa, yana kamida shuncha paxta va g‘alla maydonlari kamaytirilib, meva-sabzavot yetishtirishga ajratiladi.

Shuningdek, 2 ming gektarda issiqxona, jumladan 1 ming gektarda limon yetishtirish tashkil etiladi va 5 mingdan ortiq aholi bandligi ta'minlanadi. Birgina Qumqo‘rg‘onda kamida 300 gektar maydonda limonchilik yo‘lga qo‘yiladi.

Oborotdan chiqqan 16,5 ming gektar maydon qayta o‘zlashtirilib, meva-sabzavotchilik va chorvachilikka ajratilib, 20 mingga yaqin aholi band qilinadi. Masalan, Muzrabotda 1,7 ming gektar, Bandixonda 1,5 ming gektar, Qiziriqda 1,3 ming gektar, Qumqo‘rg‘on va Uzunda 1 ming gektardan qo‘shimcha yer maydonlari foydalanishga kiritiladi.

Bundan tashqari, Oltinsoy, Sariosiyo, Uzun, Denovda 20 ming gektar uzumzor, Muzrabot, Qiziriqda 7 ming gektar anorzor barpo etilib, 30 mingdan ortiq ish o‘rni yaratiladi. 

Oltinsoyda 1 ming 700 gektar maydonda klaster usulida uzum plantatsiyasi barpo etilib, 3 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi. Uzun tumanida “In-vitro” usulida yiliga 2 million dona meva va uzum ko‘chatlarini yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi. 

Yangi bog‘ va tokzorlar uchun yer solig‘ini to‘lash bo‘yicha imtiyozli davr 3 yildan 5 yilga uzaytiriladi hamda 7 yil muddatga imtiyozli kreditlar ajratiladi. Shuningdek, 3 ming gektar o‘rmon xo‘jaligi yerlarida pista, kavrak va pavloniya plantatsiyalari tashkil qilinadi”, dedi prezidentlikka nomzod.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid