O‘zbekiston | 12:30 / 08.10.2021
15281
3 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda qo‘lidan ish keladigan tadbirkorlar nohaq qamalgan edi yoki qochib ketgandi - Prezident

Surxondaryo viloyati markazlashgan toza ichimlik suvi ta'minoti darajasi bo‘yicha respublikada eng oxirgi o‘rinlarda turadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev ma'lum qildi.

Foto: Milliy mass-media fondi

“144 ta mahallaga ichimlik suvi hali umuman yetib bormagan. Sherobod -markazlashgan ichimlik suvi qamrovi 17 foiz, Angor - 27 foiz, Boysun - 29 foiz, Bandixon - 34 foiz, Muzrabot - 48 foiz, Oltinsoy - 48 foiz, Jarqo‘rg‘on - 50 foiz va Denovda ichimlik suv ta'minoti juda past darajada - 54 foiz.

Shuningdek, viloyatda uy-joy, yo‘l-transport, elektr ta'minoti kabi masalalar bo‘yicha ham aholining ko‘plab e'tirozlari mavjud.

Shu bilan birga, viloyatda 115 ming nafar aholi ishsiz. Bunga qo‘shimcha ravishda har yili mehnat bozoriga 39 ming nafar yoshlar kirib kelmoqda, 131 ming oila doimiy daromad manbaiga ega emas.

Sog‘liqni saqlash va ta'lim sohasida ham hal etishimiz kerak bo‘lgan ko‘plab kamchiliklar mavjud. Jumladan, viloyatda 377 ming nafar aholida surunkali kasalliklar bor. Ayniqsa viloyatda yurak qon-tomir, qandli diabet, buyrak yetishmovchiligi, nafas yo‘llari kasalliklari ko‘plab uchraydi. Shunga qaramay, 2 ming 600 nafar shifokor yetishmaydi, yana 2 ming nafari pensiya yoshida.

Eng og‘ir kasalliklardan yana biri bu – maktabgacha ta'limning ahvoli. Bandixon, Denov va Qumqo‘rg‘onda maktabgacha ta'lim bilan qamrov darajasi 30 foizga ham yetmaydi. Viloyatda 119 ta mahallada hali bog‘cha mavjud emas.

Viloyatda 58 ta maktab quvvatiga nisbatan 2 barobar ko‘p yuklama bilan ishlamoqda, 2 mingdan ziyod pedagog ish joylari vakant bo‘lib qolmoqda.

Eng achinarli holatlardan birini bugun eslamaslik mumkin emas. Chunki viloyatning shu ahvolga kelib qolishiga ba'zi idoralarda ildiz otib ketgan adolatsizliklar ham sabab bo‘lgan. Odamlar hech narsaga ishonmay qolgandi. Qo‘lidan ish keladigan tadbirkorlar nohaq qamalgan edi yoki qochib ketgandi. Shuning uchun viloyatda tadbirkorlik ham respublikada eng oxirgi o‘rinlarda edi. Mana shu sabablar ham, viloyat taraqqiyotiga jiddiy to‘siq bo‘lgan. Biz bu noma'qulchiliklarni bartaraf qilishda qonun ustuvor va jazo muqarrarligini ta'minlab, barchasini joy-joyiga qo‘ydik.  

Yuqoridagilarni hisobga olib, biz Surxondaryoda aholi hayotini yaxshilash va inson qadr-qimmatini ta'minlash bo‘yicha besh yillik dasturni tayyorladik”, dedi prezidentlikka nomzod.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid