22:33 / 22.10.2021
6684

Trampning ijtimoiy tarmog‘i hali ishga tushmasdan turib hakerlar tomonidan buzildi

21 oktyabr kuni Donald Tramp o‘zining TRUTH Social ijtimoiy tarmog‘i yaratilganini e'lon qilgandi. 

Foto: Getty Images

AQSh sobiq prezidenti Donald Trampning Trump Media & Technology Group (TMTG) kompaniyasi yaqinda e'lon qilgan TRUTH Social ijtimoiy tarmog‘i rasman ishga tushmasdan turib hakerlar hujumiga uchradi, deb xabar berdi The New York Times. Hakerlar gazetaga bergan intervyusida o‘zlarini Anonymous guruhiga aloqador deb tanishtirgan.

Ularning ta'kidlashicha, TRUTH Social yaratilgani haqidagi xabardan bir necha soat o‘tib, hakerlar platformaning beta-versiyasini buzib kirishgan. Ular Tramp, uning sobiq maslahatchisi Stiven Bennon, fitna nazariyasi tarafdori Ron Uotkins va Twitter asoschisi Jyek Dorsi nomlariga soxta akkauntlar ochishgan.

Hakerlar @donaldjtrump akkauntida cho‘chqalar surati va Dorsining sha'niga haqoratomuz so‘zlarni qoldirishgan. Postlar tasvirlangan skrinshotlar boshqa ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan. TRUTH Social mualliflari soxta akkauntlarni bloklagan, so‘ngra esa platformaning beta-versiyasini yopishlariga to‘g‘ri kelgan, deb yozadi NYT.

Yanvarda Facebook va Twitter Donald Trampning sahifasini bloklab qo‘ygandi. 21 oktyabr kuni Tramp TRUTH Social ijtimoiy tarmog‘i yaratilganini e'lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, servisning beta-versiyasi «taklif qilingan mehmonlar» uchun noyabrda ishga tushadi, 2022 yil boshidan esa undan barcha foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Mavzuga oid
Top