O‘zbekiston | 19:06 / 27.10.2021
11072
3 daqiqa o‘qiladi

Klasterlar faoliyatini tugatish faqat sud tartibida hal qilinadi

Qishloq xo‘jaligidagi islohotlarning borishi, klasterlar oldidagi muammoli masalalar va ularning yechimlarini ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev endi ochiq tanlov asosida barcha klasterlar bilan 30 yil muddatgacha alohida shartnoma tuzilishini ma'lum qildi.

«Klasterlar faoliyatining huquqiy kafolatlari yanada kuchaytiriladi. Endi, ochiq tanlov asosida barcha klasterlar bilan 30 yil muddatgacha alohida shartnoma tuziladi.

Klasterlarga o‘g‘it, yoqilg‘i va texnika xizmatlari kabi masalalarni mustaqil o‘zlari hal qilish va ularni to‘siqsiz import qilishga ruxsat beriladi.

Paxtachilik fermerlari yerining ijara shartnomasi bekor qilingan taqdirda, bo‘shagan yerni qayta ijaraga berishda ushbu hududdagi klasterga tanlovda ustuvorlik beriladi.

Bundan buyon, klasterlar faoliyatini tugatish, Respublika komissiyasi xulosasi asosida, faqat sud tartibida hal qilinadi», deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Prezident agrotexnik tadbirlardan kelib chiqib, paxta hosilini moliyalashtirish, shudgor davridan, ya'ni oktabr oyidan boshlanishini ma'lum qildi.

«Bundan buyon, klasterlarga kreditlar 24 oy muddatga ajratilib, uning imtiyozli davri amaldagi 11 oydan 18 oygacha uzaytiriladi. Paxta yetishtirish uchun imtiyozli kreditlar, faqat klasterlar orqali moliyalashtiriladi.

Endi Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan ajratiladigan mablag‘ hosil yetishtirishning amaldagi 60 foizidan 80 foizigacha oshiriladi.

Shuningdek, yakuniy hisob-kitob uchun, klaster oladigan kredit foizining Markaziy bank stavkasidan oshadigan qismiga budjetdan kompensatsiya ajratiladi.

Lo‘nda qilib aytganda, klaster olgan kreditini, xomashyoni eng kamida ip-kalava va matoga aylantirgandan keyin qaytaradi. Bu tizimni joriy etishga, budjetdan 10 trillion so‘m yo‘naltiriladi», dedi davlat rahbari.

Shuning uchun, Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasiga yil yakuniga qadar qo‘shimcha 100 million dollar ajratiladi. Shuningdek, klasterlarga biriktirilgan 1 million gektar paxta maydonlarida:

  • tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirish bo‘yicha agrotexnika tadbirlarini o‘tkazish;
  • sug‘orishning yangi texnologiyalariga o‘tish;
  • o‘simliklar himoyasi xizmatlari;
  • zamonaviy laboratoriyalar barpo etish;
  • fermerlarni o‘qitish kabi tadbirlar uchun, har bir gektarga 1 million so‘mdan, jami budjetdan 1 trillion so‘m moliyaviy grantlar ajratiladi. 

Ikkinchidan, klasterlar tomonidan ip-kalavani chuqur qayta ishlashni kelgusi 2 yilda hozirgi 50 foizdan 70 foizga yetkazish zarurligi qayd etildi.

Аброр Зоҳидов
Tayyorlagan Аброр Зоҳидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid