Navoiy shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Yusuf Tursunov davlatning 1 mlrd so‘mdan ortiq pulini talon-toroj qilgani uchun sud hukmi bilan mansabdor bo‘lish huquqidan mahrum qilinib, axloq tuzatish ishlari jazosiga tortilgani, ammo u 2 oy davomida lavozimidan bo‘shatilmay kelgani haqida Kun.uz surishtiruvi e'lon qilingan edi.

Surishtiruvdan so‘ng mavzuning yangi tafsilotlari ma'lum bo‘ldi. Avvaliga sud va IIB probatsiya xizmatidagi mas'ullarning bemalolxo‘jaligi haqida so‘z yuritamiz.

Navoiy shahar sudi va IIB binosi o‘rtasida masofa taxminan 4 km, lekin hujjatlar 1 oyda yetib boradi

Maydoni uncha katta bo‘lmagan shaharda sud hukmi birinchi manzildan ikkinchi manzilga yetib borishda qanday “yo‘llarni bosib o‘tgani”ga to‘xtalmay iloj yo‘q.

Yusuf Tursunovni mansabdorlik va moddiy javobgarlik ishlarida ishlash huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi sud hukmi 2021 yil 18 avgust kuni kuchga kirgan. Hukm ijrosini ta'minlashi kerak bo‘lgan hujjat shahar jinoyat sudida qariyb bir oy yotgan.

2021 yilning 16 sentabr kuni maxsus aloqa xizmati orqali hukm Navoiy shahar IIB probatsiya guruhiga jo‘natilgan.

Idoralar orasidagi masofa nari borsa 4 km bo‘lgan bir vaqtda 16 sentabr kuni yo‘lga chiqqan konvert o‘z manziliga naq 8 kun deganda –24 sentabr kuni yetib keladi.

Hukm IIBda ham 10 kun “mehmon” bo‘ladi.

Ijro hujjati mahkumdan berib yuborilganini qanday baholash mumkin?!

Navoiy shahar IIB probatsiya guruhi katta inspektori Ulug‘bek Sharipovning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, lavozimdan ozod qilish haqidagi xat 2021 yilning 4 oktabr kuni pochta yoki boshqa biror aloqa vositasi orqali emas, nimagadir aynan Yusuf Tursunovning o‘zidan Navoiy shahar hokimligiga berib yuboriladi.

Bu taqdimnoma ham qisqa masofaga uzoq yo‘l bosadi: oradan 14 kun o‘tib, 2021 yil 18 oktabr kuni hokimlikka “yetib keladi”. Xatni aynan Tursunovning o‘zi olib kelganmi yoki masala jamoatchilik diqqat markaziga tushganidan keyin mas'ullar “tipirchilab” qolishdimi, bunisi Kun.uz'ga qorong‘i.