O‘zbekiston | 11:53 / 29.10.2021
5393
4 daqiqa o‘qiladi

Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati kengashi tomonidan bir necha shahar va tuman hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari ogohlantirildi

Foto: Ilya Pitalev

Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati kengashi tomonidan bir necha shahar va tuman hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari budjetdan tashqari mablag‘larni mahalliy kengashlar tasdig‘idan o‘tkazmasdan sarflagani uchun ogohlantirilgan. Bu haqda «Qashqadaryo» gazetasi xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Qarshi shahar hamda G‘uzor, Mirishkor, Kasbi va Chiroqchi tumanlari hokimliklari mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalaridan foydalanishda qonun talablariga rioya etmagani uchun shu hududlardagi bir qator mutasaddilar xalq deputatlari viloyat Kengashi tomonidan oxirgi marta ogohlantirilgan.

Kengash qarori matnida qayd etilishicha, joriy yil 7-13 sentabr kunlari Oliy Majlis Senati ishchi guruhi Qashqadaryo viloyatida qonunlarni amaliyotga tatbiq etish, hududni rivojlantirishga qaratilgan qarorlar va dasturlar ijrosini ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni kompleks ravishda o‘rgangan.

O‘rganish jarayonida shahar va tuman hokimliklari budjetning qo‘shimcha manbalaridan foydalanishda mazkur xarajatlarni xalq deputatlari mahalliy Kengashlari muhokamasiga kiritish talabiga rioya etmagani aniqlangan. Xususan:

  • G‘uzor tumanida 3 milliard 651,7 million so‘m;
  • Qarshi shahrida 3 milliard 512,9 million so‘m;
  • Mirishkor tumanida 1 milliard 576,2 million so‘m;
  • Kasbi tumanida 830,5 million so‘m;
  • Chiroqchi tumanida 324 million so‘m qo‘shimcha manbalar hisobidan mablag‘lar tegishli tuman (shahar)lar hokimlarining farmoyishlariga asosan sarflangandan keyingina mahalliy Kengashlar tasdig‘iga kiritilgan.

Xalq deputatlari viloyat Kengashi Qarshi shahri, G‘uzor, Mirishkor, Kasbi va Chiroqchi tumanlari hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari J.Rahmonqulov, L.Xudoyqulov, A.Sariqov, M.Jo‘rayev va E.Boboqulovning mazkur holatlar yuzasidan hisobotlari sessiya kun tartibidagi masalaga to‘liq javob bermagani hamda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun ular oxirgi marotaba ogohlantirgan. Shu kabi holatlar takrorlangan taqdirda bu mutasaddilarning ishda qolish-qolmaslik masalasi ko‘rib chiqilishi haqida qaror chiqargan.

Shuningdek, Kengash qaroriga ko‘ra, Kasbi tumani hokimining birinchi o‘rinbosari (M.Jo‘rayev)ga hayfsan intizomiy jazo chorasi qo‘llash bo‘yicha taklif berilgan. Xalq deputatlari Qarshi shahar, G‘uzor, Mirishkor, Kasbi va Chiroqchi tumani Kengashlarining Mahalliy budjet, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, investitsiyalar va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyalari raislari mazkur holatlarga jiddiy e'tibor qaratishlari hamda kamchiliklar takrorlangan taqdirda deputatlik maqomidan chaqirib olish bo‘yicha tuman (shahar) Kengash sessiyalariga kiritish haqida ogohlantirilgan.

Xalq deputatlari Qarshi shahar, Kasbi va Chiroqchi tumani Kengashlari kotibiyati mudirlarining faoliyatini tanqidiy va tahliliy ko‘rib chiqib, qonunda belgilangan tartibda jazo choralari ko‘rish yuzasidan yakuniy xulosa berish topshirilgan.

Bundan tashqari, xalq deputatlari tuman va shaharlar Kengashlari raislari zimmasiga mahalliy budjetning orttirib bajarilgan qismi mablag‘larini ishlatish faqatgina mahalliy Kengash sessiyalarida muhokamadan o‘tgandan keyin amalga oshirilishini nazoratga olish vazifasi qo‘yilgan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmida Qashqadaryo viloyatida mahalliy budjet daromadlari prognozi (1 trillion 39 milliard so‘m) amalda 125 foizga (1 trillion 297 milliard so‘m) bajarilib, budjetda 258 milliard so‘m qo‘shimcha manbalar shakllantirilgan.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid