Jamiyat | 18:40 / 31.10.2021
6502
2 daqiqa o‘qiladi

Tanqidga munosabat: Termiz shahar hokimligi mablag‘ ajratilsagina muammo 2022 yilning uchinchi choragida hal qilinishini bildirdi

Foto: Kun.uz

Joriy yil 12 oktyabr kuni Kun.uz’da Termiz shahar «Manguzar» MFYda joylashgan 2 qavatli uylar kanalizatsiyaga ulanmagani ortidan aholi aziyat chekayotgani haqida tanqidiy maqola berilgan edi. Termiz shahar hokimligi maqola yuzasidan bildirgan munosabatida mablag‘ ajratilsagina muammo 2022 yil uchinchi chorakda hal qilinishini ma'lum qildi.

Munosabatda yozilishicha, Termiz tuman Manguzar mahallasi hududida qurilgan 8 ta 2 qavatli uy (keyinchalik mazkur uylar qurilgan mahalla Termiz shahar hududiga o‘tkazilgan) qurilgan vaqtda loyiha smeta hujjatlarida oqova suv tarmoqlari markaziy kanalizatsiya tarmoqlariga ulanishi ko‘zda tutilmagan.

Ushbu muammoni hal etish yuzasidan Termiz shahar hokimligi va mutasaddi tashkilotlar tomonidan tegishli aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Biroq Manguzar mahallasi hududidagi ikki qavatli turar joy binolaridan shaharning markaziy oqova suv tarmog‘iga ulanishi bo‘yicha dastlabki hisob-kitoblar qilinganda loyiha qiymati 2,5-3 milliard so‘mni tashkil etishi ma'lum bo‘lgan.

Qayd etilishicha, ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha taklif ishlab chiqilib, 2022 yilda Investitsiya dasturi doirasida amalga oshiriladigan ijtimoiy infratuzilma va muhandislik kommunikatsiyalari tarmoqlarini ta'mirlash bo‘yicha amalga oshiriladigan loyihalar manzilli dasturiga taklif kiritilib, tegishli vazirliklar ham xabardor qilingan.

«Dastur tasdiqlanib, mablag‘ ajratilgandan so‘ng ushbu loyiha 2022 yilning 3-choragida amalga oshirilishi ma'lum qilinadi. Shuningdek ushbu loyiha amalga oshirilguncha, shahar hokimligi hamda «Surxondaryo suvta'minot» MChJ birgalikda grafik asosida alohida maxsus chuqur (yama)lardagi oqova va chiqindi suvlar maxsus avtotransport vositalari orqali olib chiqib ketilayotganini ma'lum qilamiz», deyiladi munosabatda.

 

Mavzuga oid