16:32 / 01.11.2021
6957

Dunyodagi har uchinchi sanoat roboti Xitoy uchun ishlamoqda

Xitoy sanoat robotlaridan eng ko‘p foydalanayotgan mamlakat bo‘lib turibdi. Hozirda ushbu mamlakatda 943 ming 223 ta robot ishlamoqda.

Foto: Xinhua/Ren Chao

Xalqaro robototexnika federatsiyasi rasmiy hisobotiga ko‘ra, ayni paytda dunyo bo‘ylab 3 millionta sanoat robotlari mavjud. Bu ko‘rsatkich bir yil oldingiga nisbatan 10 foizga o‘sgan.

Federatsiya ekspertlarining fikricha, 2021 yilda sanoat tarmoqlarida robotlarni o‘rnatish ko‘rsatkichi 13 foizga oshib, 435 ming donani tashkil etishi kutilmoqda.

Sanoat robotlari uchun dunyodagi eng yirik bozor Osiyo hisoblanadi: 2020 yilda sotib olingan barcha robotlarning 71 foizi ushbu qit'a davlatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Bu borada bitta mamlakat uchun eng yuqori ko‘rsatkich Xitoyda qayd etilgan bo‘lib, hozirda ushbu mamlakatda 943 ming 223 ta robot ishlamoqda va yil yakunigacha bu ko‘rsatkich 1 milliondan oshishi prognoz qilingan.

Yaponiya Xitoydan keyin ikkinchi eng yirik sanoat robotlariga ega mamlakat bo‘lib turibdi. Garchi Sovid-19 pandemiyasi ta'sirida mamlakatda sanoatning robotlashuv ko‘rsatkichi 23 foizga kamaygan bo‘lsa-da, Yaponiya robototexnika bozori 2021 yilda 7 foizga va 2022 yilda 5 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Sanoat robotlaridan eng ko‘p foydalanuvchi uchinchi mamlakat sifatida AQSh qayd etilgan. Qo‘shma Shtatlarda 2021 yilda robotlashtirilgan qurilmalar soni 17 foizga o‘sishi mumkin.

Sanoat robotlari qo‘llaniladigan asosiy sohalar elektronika va avtomobil sanoati hisoblanadi.

2021 yil robototexnika kompaniyalari uchun juda muvaffaqiyatli bo‘lishi kutilmoqda va global o‘sish taxminan 13 foiz atrofida bo‘ladi.

Top