O‘zbekiston | 19:48 / 01.11.2021
17394
3 daqiqa o‘qiladi

Musulmonlar idorasi: Qashqadaryoda qo‘lga olingan “jihodchilar” orasida imom-noib bo‘lmagan

Dehqonobod tumanida DXX xodimlari 12 kishini “Jihodchilar” oqimiga aloqadorlikda gumonlab hibsga oldi. Mahkama tarqatgan xabarda ulardan biri masjid imom-noibi ekani aytiladi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi bu shaxs imom-noib emas, boshqa kasb egasi ekanini ma'lum qildi.

Foto: Kun.uz

31 oktabr kuni Davlat xavfsizlik xizmati Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Jihodchilar” diniy ekstremistik oqimi tarafdorlaridan iborat guruh faoliyatiga chek qo‘yilgani haqida xabar berdi.

“O‘zaro yig‘inlar vaqtida ular “Jihodchilar” oqimi g‘oyalari yo‘g‘rilgan audio-video ko‘rinishdagi materiallarni tinglab, tomosha qilishgan hamda hijrat va jihod qilishga xayrixohlik bildirishgan”, – deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, guruh a'zolarining yashash manzillari ko‘zdan kechirilganda xotirasida diniy mazmundagi audio-video materiallar mavjud bo‘lgan uyali aloqa vositalari va fleshkartalar, shuningdek, nashriyoti ko‘rsatilmagan kitoblar borligi aniqlanib, ekspertizadan o‘tkazish uchun rasmiylashtirib olingan.

DXX rasmiy axborotida guruhning 1969–1995 yillar oralig‘ida tug‘ilgan 12 nafar a'zosi orasida mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, o‘rta maktab o‘qituvchisi, masjid imom-noibi, yakka tartibdagi tadbirkor va mavsumiy ishchilar borligi aytilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi bu guruh a'zolari qatorida keltirilgan masjid imom-noibi aslida boshqa kasb egasi ekanini ma'lum qildi.

“O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutasaddi idoralar bilan olib borgan muloqotlari natijasida, ushbu xabarda guruh a'zolari qatorida keltirilgan masjid imom-noibi aslida boshqa kasb egasi ekani ma'lum bo‘ldi”, – deyiladi bayonotda.

Idora, shuningdek, diniy soha xodimlari buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi kurash ishlarida faol ishtirok etayotgani, yolg‘on yoki tasdiqlanmagan axborotni tarqatish javobgarlikka sabab bo‘lishini va Islom dinida qattiq qoralanganini bildirgan.

“Ta'kidlash joizki, bugungi murakkab davrda hushyorlik va ogohlik har qachongidan ham dolzarb vazifa ekanini teran anglagan imom-xatiblar, imom noiblari va diniy soha xodimlari buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi kurash ishlarida faol ishtirok etmoqdalar.

O‘z navbatida, yolg‘on yoki tasdiqlanmagan axborotni tarqatish tegishli javobgarlikka sabab bo‘lishi, shuningdek, Islom dini ta'limotlarida qattiq qoralanganini alohida ta'kidlaymiz”, – deyiladi Musulmonlar idorasi rasmiy munosabatida.

Mavzuga oid