
Avvalo Rimdagi yig‘ilishda xuddi kelishib olgandek Rossiya va Xitoy yetakchilari tashrif buyurmaganini aytish kerak. Putin va Si Tszinpin oldinroq Dushanbedagi ShHT yig‘ilishida ham «zaxirada qolib», onlayn ishtirok etgandi. Bu gal «dars qoldirganlar» safini Saudiya Arabistoni ham to‘ldirdi. AQSh prezidenti Jo Bayden ikki yirik davlat ishtirok etmaganiga ishora qilib, iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha «Rossiya va Xitoy qilganini takrorlamasangiz, kifoya» deb kinoya qildi.
Chindan, Putin, Si Tszinpin va Saudiya qirolining G20 yig‘ilishida ishtirok etmagani kutilmagan holat bo‘ldi. Chunki dunyo siyosatidagi elit qatlam bu qadar keng tarkibda anchadan buyon yig‘ilmagandi. Masalan, Rimda Angela Merkel Germaniya yetakchisi sifatida oxirgi yirik tadbirida ishtirok etdi. Jo Bayden esa uch oylik tanaffusdan keyin AQShdan tashqarida uchrashuvlar o‘tkazdi. Ya'ni, hamma kattalarning o‘zaro gaplashib oladigan gaplari bor edi.
AQSh oldingi prezidenti Donald Tramp vaqtida iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurash bo‘yicha Parij kelishuvidan chiqib ketgandi. Hali prezidentlikka kelmay turib mamlakat bu kelishuvga qaytishini aytgan Jo Bayden taxtga o‘tirgan kuniyoq va'dasini bajarib, kelishuvga qaytdi. Rimda o‘tgan G20 davlatlarining iqlim bo‘yicha uchrashuvida Bayden yetakchilikni o‘z qo‘liga olib, «davrani boshqardi» ham. «Rossiya va Xitoy Rimdagi sammitda deyarli ko‘rinish bermadi», dedi Bayden so‘zga chiqar ekan.
Bayden iqlim bo‘yicha muzokaralarning yagona yaxshi tomoni sifatida ko‘mirga nisbatan subsidiyani to‘xtatish bo‘yicha imzolangan kelishuvni keltirdi. Rimdagi uchrashuvdan avval davlatlar elektr energiyasi ishlab chiqarishda ko‘mirdan foydalanishni qisqartirish bo‘yicha kelishuv imzolashi kun tartibiga qo‘yilgan, lekin bunga ko‘pchilik ham rozi bo‘lishi qiyin edi. Chunki katta davlatlarda hamon ko‘mir energiya olish uchun ishlatiladi, hamma ham undan voz kechishga tayyor emas. Ko‘mirning atmosferaga zarari esa juda katta.
Shunday bo‘lishiga qaramay, davlatlar ko‘mir qazib olishga subsidiyalar ajratmaslik bo‘yicha kelishuvga erishdilar. Bu borada Xitoyning sammitdan avval hujjatga rozilik bergani barchasini yengillashtirdi. Chunki aynan Xitoy ko‘plab mamlakatlarga ko‘mir bilan ishlaydigan elektrostansiyalar qurib berar, bu kelishuvdan esa yaxshigina zarar ko‘rardi.
Ammo 2015 yildagi Parij kelishuvi bo‘yicha global haroratni sanoat davriga nisbatan 1,5 darajaga pasaytirish bo‘yicha konkret rejalar qilinmadi. Global isish ushbu normadan o‘tib ketmasligi uchun davlatlar (kamida 100 ta yirik sanoatlashgan davlat) 2030 yilgacha uglerod chiqindisini 45 foizgacha kamaytirishi kerak. Ammo ekspertlar 100 da davlatning rejalarini o‘rgangan holda ular keyingi 10 yilda bunday chiqindilarni havoga uchirishni 45 foizga qisqartirish emas, aksincha 16 foizga oshirishi haqiqatga yaqin degan xulosaga kelgan.


















