O‘zbekiston | 20:11 / 02.11.2021
9194
6 daqiqa o‘qiladi

“Qalbingizni pok tutib, faqat olg‘a intiling” - imkonsizlikdan imkon topganlar

Hayot senga limon bersa, sen uning taxirligi haqida emas, undan limonad tayyorlash haqida o‘yla, degan edi amerikalik yozuvchi Deyl Karnegi. Kun.uz'ning “Hayotiy hikoyalar” rukni navbatdagi qahramonlari ayni shu tamoyil bilan yashovchi insonlardir.

“Hatto yegulik topolmay qolgan vaqtlarim bo‘lgan” — og‘ir atletika bo‘yicha to‘rt karra O‘zbekiston chempioni

 

Ismi Alijon, Buxoro viloyati Olot tumanida tug‘ilgan:

— Yetti yoshgacha davolanganman, shundan keyingina yura boshlaganman. Boshlang‘ich ta'limni uy sinfida o‘qib, 5-sinfdan 30-sonli maktabga borishni boshlaganman. Oila a'zolarim meni birday ko‘rishardi, ko‘cha-ko‘yda ham hech kim kamsitmasdi. Maktabni tamomlagach, o‘qishni imkoniyati cheklanganlar kollejida davom ettirganman. Sportga kirib kelishim ham aynan ushbu kollejda o‘qib yurgan paytlarimga to‘g‘ri keladi.

Sportning og‘ir atletika turini tanlaganman va murabbiyim boshchiligida ushbu sport bilan shug‘ullanishni boshlaganman. 2019 yili faoliyatimdagi birinchi katta musobaqa bo‘lib o‘tgan. 54 kg vazn toifasida O‘zbekiston chempionatida qatnashib, birinchi o‘rinni egallaganman.

Hozirda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti talabasiman. Darsdan keyin ishlayman, ishni tamomlab mashg‘ulotlarni boshlayman. Ayni paytda jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish bilan bandman. Umumiy qilib aytganda, hayotda biron-bir narsaga erishish uchun harakat qilyapman.

Inson qalbini toza tutib faqatgina oldinga qarab intilishi kerak. Shunda biri bo‘lmasa boshqa urinishi o‘xshaydi; harakatga qarab Alloh beradi.

Ko‘chada yurgan kezlarimda 10 ta inson yomon ko‘z bilan qaraydi. Bunday paytlarda hech bo‘lmasa bir kishining yaxshi nazar bilan boqishi menga taskin beradi. Xafa bo‘lib murabbiyimga aytgan vaqtlarim ham bo‘lgan. Shunda u menga bu kabi dilsiyohliklarga ahamiyat bermasligimni, kelajakda olimpiada chempioni bo‘lganimda hamma menga havas bilan qarashini aytadilar.

Sport bilan endi shug‘ullanishni boshlagan mahallarda moliyaviy jihatdan ko‘plab qiyinchiliklarga duch kelganman. Shu darajada qiynalganmanki, hatto yeyishga non ham topolmay qolgan vaqtlarim bo‘lgan. O‘shanda hatto sportni tashlamoqchi ham bo‘lganman. O‘sha vaziyatda murabbiyim meni qo‘llab-quvvatlagan, sport bilan shug‘ullanishni davom ettirishga undagan.

Dastlab bu sportni boshlaganimda 40-50 kg tosh ko‘tarish ham men uchun qiyin edi. Hozirda ushbu sport bilan shug‘ullanayotganimga 3 yil bo‘ldi, toshlar og‘irligi 140-150 kg.gacha yetdi. 4 karra O‘zbekiston chempioni bo‘ldim.

Eng katta orzularimdan biri – Olimpiadada ishtirok etib, chempion bo‘lish va vatanimiz bayrog‘ini yuqoriga ko‘tarish. Ota-onam va ustozimni Haj safariga olib borish ham eng ezgu maqsadlarimdan biri.

Imkoniyatim cheklangan bo‘lishiga qaramay, kelajakda farzandlarimning hech kimdan kam bo‘lmasliklarini, faxr bilan Alijon chempionning farzandiman deyishlarini orzu qilaman va buning uchun qo‘limdan kelgancha harakat qilaman.

“Maqsadim – milliy san'atimizni xalqaro maydonda namoyon etish” — musiqa muallimi

Zokir Berdiboyev, Toshkent viloyati Parkent tumanida tug‘ilgan:

— Oilada yettita farzandmiz, men ularning to‘rtinchisiman. 77-sonli maxsus internat bog‘chasida to 9-sinfgacha o‘qiganman. Maxsus internatni tamomlab, Toshkent madaniyat kollejida o‘qishni davom ettirganman. O‘qishni tugatib qishlog‘imga qaytib kelgach, san'at bo‘yicha o‘z mahoratimni oshirdim. Oila a'zolarim meni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashgan. San'atga qiziqishimga ham aynan oila a'zolarim sababchi bo‘lishgan. Radioda ustoz san'atkorlarning musiqalarini eshitib, men ham qo‘limga tushgan har qanday predmet: chelakmi, stolmi olib, chalib ko‘rishga harakat qilardim.

Bolalik xotiralarimdan esimda qolgan: qish faslida dadam menga doira olib kelgan edilar. Ovozi yaxshi chiqsin deb pechka oldida qizitish uchun qo‘yganman. Besh-o‘n daqiqadan so‘ng doira erib ketgan va yaroqsiz bo‘lib qolgan. Shundan so‘ng doirani qizdirishga qo‘rqib, qizdirmasdan chalib yurganman. Chalishni o‘rgangan birinchi musiqa asbobim aynan doira edi.

Bundan tashqari, maxsus internatda o‘qib yurgan paytlarim bayan, akkordeon, nay, pianino, zarbli cholg‘ular va elektron sintezatorlar chalishni o‘rganganman. Musiqa asboblarini chalishdan tashqari qo‘shiq ham aytaman, dijyeylik ham qilaman.

Ko‘zim ojizligi – bu Allohning sinovi. Ko‘zim ojiz bo‘lsa ham eshitaman, yura olaman, istalgan joyimga bora olaman. Shuning uchun ham hech qachon nolimayman. Eng katta orzum – o‘zbek san'atida o‘zim kabi imkoniyati cheklangan insonlar jamoasini shakllantirish hamda ushbu ansambl yordamida milliy san'atimizni xalqaro maydonda namoyon etish. Ota-onamni Haj safariga olib borish ham eng ulug‘ maqsadim.

O‘zim kabi imkoniyati cheklangan insonlarni ham hayotda to‘xtab qolmasdan, o‘zlari qiziqqan sohalarni o‘rganishlari uchun harakat qilishga chaqirib qolaman. Hech narsadan qo‘rqmang, ko‘ngilni cho‘ktirmasdan faqatgina oldinga harakat qiling!

Ibrohim Samatov tayyorladi.

Tasvirchi – Azimjon Vohidov.

Mavzuga oid