20:41 / 04.11.2021
19488

Smartfonga qaramlikni qanday yengish mumkin: 5ta oddiy chora

Zamonaviy kishilar vaqtining ko‘p qismini smartfon bilan o‘tkazadi. Yaqinda olib borilgan tadqiqotga ko‘ra, o‘rtacha odam o‘yin, ijtimoiy tarmoq va boshqa ilovalarga kuniga 4 soat vaqt sarflaydi. Bu haftasiga 28 soat degani – kichik raqam emas.

Foto: Getty Images

Smartfonga qaramlik smartfonga bog‘liq muammo emas. Agar shunday bo‘lganida undan butunlay qutulish to‘g‘ri yechim bo‘lar edi. Muammo siz qaysi ilovalardan qanday foydalanayotganingizda.

Yozuvchi va muharrir Megan Golshteyn smartfonga qaramlikni yengish bo‘yicha ko‘plab usullarni o‘zida sinab ko‘rdi. U telefondagi ijtimoiy tarmoqlarni butunlay o‘chirib tashlashga harakat qildi, hatto smartfon ekranini oq-qora qilib ham qo‘ydi. Lekin bularning bari hech qanday natija bermadi. Natijada u 5ta qadamdan iborat qo‘llanmani ishlab chiqdi.

1.Foydali ilovalarni zararlilaridan farqlang

Megan dastlab qaysi ilovalar siz uchun foydali, qaysilari esa zararli ekanini aniqlab olishni taklif etadi. Foydali ilovalarga, masalan, bank dasturlari, kalkulyator, taqvim, karta va boshqalarni kiritish mumkin. O‘yin, ijtimoiy tarmoq, selfi uchun ilovalar esa zararli.

Biroq buni aniqlash individual xarakter kasb etadi. Masalan, ko‘pchilik uchun Instagram zararli, chunki u ko‘p vaqt oladi va hech qanday foyda keltirmaydi. Biroq agar ish faoliyatingiz ijtimoiy tarmoqlarga bog‘liq bo‘lsa, Instagram siz uchun nafaqat foydali, balki zarur bo‘lishi ham mumkin.

Golshteyn zararli ilovalarning turli belgilarini sanab o‘tadi:

  • Siz bu ilovani ochish va tekshirib ko‘rish hissini yengib bo‘lmasligini bilasiz;
  • Unda vaqtingizning ko‘p qismini o‘tkazganingizga afsuslanasiz;
  • U hayotingizni yaxshilash o‘rniga yomonlashtiradi;
  • U hech qanday foyda keltirmaydi.

Smartfondagi foydali va zararli dasturlar ro‘yxatini tuzing. Ana shunda qaysilarini cheklash kerakligini aniq bilasiz.

2. Haqiqatan zararli bo‘lgan dasturlarni o‘chiring

Agar telefoningizda siz foydalanmaydigan, xotirani bekorga egallab yotgan ilovalar bo‘lsa, ularni o‘chiring. Hech qachon ilovani “qachondir kerak bo‘lib qolar” degan tamoyildan kelib chiqib yuklamang.

Ilovani o‘chirishga qaror qilgach, bir necha daqiqa vaqt sarflab, u bilan bog‘liq akkauntni ham o‘chiring.

Telefon o‘yinlarini ham o‘chiring. To‘g‘ri, ular bilan vaqt o‘tkazish maroqli. Biroq ana shu maqolani o‘qishga qaror qildingizmi, demak, smartfonda vaqtingizning ko‘p qismini bekorga sarflayapsiz.

3. Qolgan ilovalarni qaytadan joylashtiring

Ularni papkalarga joylang.

Facebook, Twitter, Instagram va ijtimoiy tarmoqlar foydali bo‘lishi mumkin, biroq har doim ham emas. Ularga kamroq chalg‘ish uchun ularning belgilarini uzoqroqqa berkitish lozim.

Ijtimoiy tarmoqlarga tegishli belgilarni ikkinchi ekranga o‘tkazing va u yerda papkalarga solib, guruhlarga ajrating. Avvallari Instagram’ni ochish uchun smartfonni bir marta bosish kifoya edi. Endi esa uchta harakatni amalga oshirishga to‘g‘ri keladi. Bular – kerakli ekranni tanlash uchun barmoq bilan surish, papkani ochish va undan keyingina kerakli belgining ustiga bosish.

Dasturni ochishga qanchalik ko‘p harakat talab etilsa, uni amalga oshirish ishtiyoqi ham kamroq bo‘ladi. Bundan tashqari, foydasiz ilovalar asosiy ekranda bo‘lsa, ular yodingizga kamroq tushadi.

Oddiy qoida: ko‘p ishlatilmaydigan ilovani asosiy ekranga joylashtirmang.

4. Ko‘plab eslatmalarni o‘chirib qo‘ying

Ijtimoiy tarmoqlar ilovalari eslatmalarni o‘chirishga moslangan batafsil sozlamalarga ega. Biroq ko‘plab boshqa dasturlarda buni topa olmaymiz. Omadni qarangki, ortiqcha eslatmalarni tizim parametrlari orqali o‘chirib qo‘yish mumkin.

Android uchun “Sozlamalar” ilovasiga kiring va “Eslatmalar” bandini toping. iPhone uchun esa tizimli “Sozlamalar”ga kirish kerak. U yerda “Eslatmalar” bandini izlang va ilovalar ro‘yxatini ko‘ring. Zarur biroq o‘qish har doim ham dolzarb bo‘lmagan ilovani tanlang. “Eslatmalarni ko‘rsatish” bandini bosing va uni “O‘chirilgan” holatiga o‘tkazing. Ana shu harakatni ahamiyati kamroq bo‘lgan barcha dasturlarga qo‘llang.

5. Foydali ilovalarni o‘rnating

Demak, foydasiz va ishlatilmaydigan dasturlarni o‘chirdingiz, smartfonni o‘yinlardan tozaladingiz, ijtimoiy tarmoqlarni papkalar ichiga yashirdingiz va eslatmalarni to‘g‘ri sozlab chiqdingiz. Endi keyingi qadamga o‘tish kerak: zararli ilovalar cheklanganidan keyin bo‘shliq hissi paydo bo‘lmasligi uchun smartfonga foydali ilovalarni yuklash kerak.

Megan xonim smartfonga qaramlikni chekishga qiyoslaydi. Chekishni tashlashning samarali usuli – zararli odatni foydalisiga almashtirish. Hech bo‘lmaganda neytral odatga.

Shuning uchun sobiq chekuvchilar sigaretlar o‘rniga saqich chaynash, muntazam sut ichish yoki sport bilan shug‘ullanish kabilarni qo‘llashga harakat qiladilar.

Smartfon bilan ham xuddi shunday. “Ekranga yopishib olish” hissini yenga olmayotganingizni anglasangiz, unga qarshi chiqmang, ilovalar bilan emas, foydaliroq narsalar bilan shug‘ullaning. Golshteyn buning uchun foydali ilovalarni o‘rnatib olishni tavsiya etadi.

Duolingo

Xorijiy tillarni o‘rganish uchun eng mashhur ilova. O‘qish, yozish, og‘zaki nutq va eshitish qobiliyatini rivojlantirish imkonini beradi.

Elevate

Miyani mashq qildirish uchun mashhur ilova. Unda mantiq, diqqatni jamlash va xotirani kuchaytirish uchun ko‘plab mashqlar jamlangan. Ilova ingliz tilida, shuning uchun biryo‘la tilni ham o‘rganishga to‘g‘ri keladi.

FBReader

Aqlga kitoblardan ko‘proq yana nima ijobiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin? Istagan vaqtingizda badiiy adabiyotni o‘qishingiz mumkin. FBReader — buning uchun a'lo darajadagi ilova.

Ana shu kabi foydali ilovalarni asosiy ekranga joylashtiring. Ular ko‘z oldingizda bo‘lsin. Yana zerikkan vaqtingizda “ijtimoiy tarmoq va o‘yinga yopishib olmay”, ingliz tili ko‘nikmalaringizni rivojlantiring va mantiqiy vazifalar yeching. Bu ham vaqt o‘tkazishning bir usuli, biroq ancha foydaliroq.

Layfxaker saytidan olindi.

Mavzuga oid
Top