UzAuto Motors kompaniyasi Chevrolet Onix avtomobili 2022 yil oxirida to‘liq siklda ishlab chiqarila boshlanishi, 2023 yil boshida sotuvga chiqishini ma'lum qildi.

Foto: Kun.uz

Xo‘sh, yangi modeldagi bu avto boshqalaridan o‘zining qay jihatlari bilan ajralib turadi? Chevrolet Onix ilk bor ishlab chiqarilgan Braziliyada uning savdosi qanday bo‘lyapti? Quyida shular va avtomobilning yaratilish tarixi haqida so‘z boradi.

O‘zbekistonda Chevrolet Onix haqidagi ilk xabarlar 2016 yilda paydo bo‘lgandi. O‘shanda Braziliyada General Motors kompaniyasi tomonidan ushbu mamlakatda ishlab chiqarilayotgan Chevrolet Onix hetchbeki va Chevrolet Prisma sedanining yangilangan modellari taqdimoti o‘tkazilgani haqida xabarlar berilgandi.

Foto: Kun.uz

O‘sha paytda bir kun kelib ushbu avtomobillar O‘zbekistonda ham ishlab chiqarilishi haqida hali hech qanday gap yo‘q edi. 2019 yilga kelibgina bizda ham Chevrolet Onix avtomobili ishlab chiqarilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqala boshlaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda 2019 yil 24 sentabr kuni Intellektual mulk agentligiga Chevrolet Onix savdo belgisini ro‘yxatga olish to‘g‘risida General Motors LLC US’dan murojaat kelib tushgani haqida xabarlar tarqalgandi. Shundan so‘ng o‘zbekistonliklar Chevrolet Onix rusumli avtomobillarga qiziqa boshlashdi.

Chevrolet Onix

Chevrolet Onix AQShning dunyoga mashhur General Motors avtomobilsozlik kompaniyasi brendi hisoblanadi. B sinfiga (shaharda yurishga moslashgan o‘rtacha kattalikdagi avtomobillar turkumi shunday ataladi) mansub ushbu avtomobil ilk marta General Motors’ning Braziliya bo‘limi konstruktorlari tomonidan yaratilgan.

So‘ng, 2012 yildan boshlab (sedan 2013 yildan boshlab) General Motors’ning Braziliyaning Riu-Grandi-du-Sul shtatidagi Gravatai shahrida joylashgan zavodida ishlab chiqarila boshlangan.