
Xudoybergan Devonov 1879 yilda Xivada, badavlat oilada tuğilgan. Otasi Nurmuhammad devon (mirza) Xiva xonining Xöjaylidagi mulklari boşqaruvçisi bölgan.
Xudoybergan Xivadagi madrasada savodini çiqargan, arab tilini örgangan. Adabiyot bilan oşno bölib, şe'rlar yozib turgan. Soatsozga şogirdlikka tuşgan. Köplab musiqa asboblarini çalişni bilgan. Boğdorçilikka qiziqib, boğida atirgullarning 40ga yaqin navlarini östirgan. Ammo uning taqdiriga fotografiya va kinematografiya sohasida nom qozoniş yozilgan edi.

Xudoybergan hayotida tub buriliş yasagan voqea – Xiva yaqinidagi Oqmaçit qişloğida yaşaydigan mennonit nemislar jamoasi vakili Vilhelm Penner bilan uçraşuv bölgan.
Mennonit nemislar (yoki Menno Simmons muridlari) 1882 yilda Xiva xoni Said Muhammad Rahimxon II taklifi bilan Rossiyadan köçib kelişgan. Ular an'anaviy nasroniylikdan farq qiladigan diniy e'tiqodi tufayli Niderlandiya, Germaniya va Polşada siquvga olingan va yaşaş joyini taşlab, köçib ketişga majbur bölişgan. 1884 yilda Xiva yaqinidagi Oqmaçit qişloğida mennonit nemislarining 40 oiladan iborat jamoasi qönim topgan.
Mennonit nemislari orasida xivaliklar uçun yangilik bölgan köplab zamonaviy kasb egalari bor edi. Fotografiya bilan şuğullanuvçi Vilhelm Penner şulardan biri bölgan. U yoş, qiziqqon xorazmlik yigitni mahalliy aholi uçun ğaroyib bölgan kasbga qiziqtirgan. Xudoyberganning dastlab fotografiya, keyinçalik kinematografiya bilan bir umrga oşno bölib qolişiga sababçi bölgan.

Ortodoksal islom jamiyatida, inson va tirik jonzotlar suratini tasvirlaşga asrlar davomida taqiq qöyilgan şaroitda yigitça qanday qilib Xiva xonligining ilk fotosuratçisi, keyinçalik kinooperatori bölganini tasavvur qiliş qiyin.
Albatta bunda Xiva xoni, ma'rifatparvar Muhammad Rahimxon II Feruzning homiyligi asosiy rol öynagan. Uning ölimidan keyin esa taraqqiyparvar ğoyalari va işlari bilan maşhur bölgan boş vazir Islomxöja yoş fotosuratçini öz himoyasiga olgan. Aynan uning taşabbusi bilan Xivada ilk şifoxona, ilk paxta tozalaş zavodi qurilgan, poçta, telegraf, dorixona oçilgan edi. Uning mablağlariga dastlabki dunyoviy maktab qurilgan. U yerda matematika, fizika, ximiya va boşqa gumanitar fanlardan dars berilgan. Şuningdek, Islomxöja öz devonxonasi kotibi Xudoybergan Devonovning fotosuratçilik sohasidagi ilk işlari, tajribasini qöllab-quvvatlagan.















