Jamiyat | 19:42 / 09.11.2021
13876
8 daqiqa o‘qiladi

Markaziy Osiyoda ijtimoiy tarmoqlar ustidan nazoratni kuchaytirishmoqchi - The Washington Post

O‘zbekiston va Qozog‘istonning ijtimoiy tarmoqlarni bloklashga bo‘lgan harakatlari Rossiyaning internetni boshqarish va cheklash bo‘yicha o‘ylab topgan siyosatiga ergashish sifatida baholanmoqda.

Foto: Kun.uz

3 noyabr kuni O‘zbekistonda sobiq sovet respublikalari hududidagi eng ommabop ma'lumot almashish platformasi hisoblanadigan Telegram, shuningdek, Facebook, Instagram, YouTube va yana bir qancha tarmoqlar mamlakatdagi yangi qonun tufayli bloklandi.

Bu esa ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini g‘azablantirdi va hukumat tezda o‘z fikridan qaytdi. Prezident matbuot kotibi bloklangan Telegram’da joylashtirgan bayonotida mamlakatdagi internet-regulyatorining («O‘zkomnazorat») harakati «bir yoqlama, uzoqni o‘ylamay qilingan harakat» bo‘lganini aytdi. Tez orada ijtimoiy tarmoqlarga kirish tiklandi.

AQShning The Washington Post nashrida Markaziy Osiyoning yetakchi davlatlari, xususan O‘zbekiston va Qozog‘istonning ijtimoiy tarmoqlarni bloklashga qaratilgan harakatlari haqida maqola e'lon qilindi.

Vyacheslav Oseledko/AFP/Getty Images

Maqolada Rossiyaning mintaqa davlatlariga ta'siri haqida ham aytib o‘tilgan. Quyida ushbu maqolaning o‘zbekcha matni juz'iy o‘zgartirishlar bilan keltiriladi.

Ushbu voqea Markaziy Osiyo davlatlarida internet erkinligini cheklash siyosati qanchalik uzoqqa borishi mumkinligini sinab ko‘rish harakatini ko‘rsatadi. Ularning Big Tech’lar bilan kurashi Markaziy Osiyo hukumatlari G‘arb ta'siridan tobora ko‘proq bosh tortayotgani, buning o‘rniga mintaqaga katta sarmoya kiritayotgan Xitoy kabi kuchlarga moyil ekaniga ishora qiladi.

Markaziy Osiyo ham an'anaviy ittifoqchisi bo‘lgan Rossiyaning internetni boshqarish va cheklash bo‘yicha o‘ylab topgan siyosatiga amal qilmoqda.

Moskva siyosatida senzura harakatlari kuchayib borayotgan bir paytda, Markaziy Osiyo davlatlari jamoatchilik noroziligi sabab, ehtiyotkorlik bilan harakat qilishga majbur. Rossiya muntazam ravishda gigant texnologik kompaniyalarni mamlakatda taqiqlangan kontentni olib tashlashdan bosh tortgani uchun jarimaga tortib kelmoqda, biroq hukumat rasmiylarida YouTube kabi mashhur platformalarni to‘liq qora ro‘yxatga kiritishga ikkilanish saqlanib qolmoqda.

Rossiyaning mamlakatda katta auditoriyaga ega bo‘lgan Telegram’ni blokirovka qilishga urinishi, oxir-oqibat Kreml uchun sharmandalik bilan yakunlandi. Platforma mamlakatda ishlashda davom etdi va undan hozirda ham foydalanayotgan odamlar orasida taniqli hukumat amaldorlari ham bor. Mart oyida Rossiyaning internet-regulyatori Twitter ishlashini sekinlashtirib qo‘ydi, biroq bu tarmoq Rossiyada katta auditoriyaga ega emas.

Freedom House tadqiqot markazining internet erkinligi bo‘yicha reytingida O‘zbekiston ham, Qozog‘iston ham «erkin emas» mamlakatlar sifatida qayd etilgan bo‘lsa, Markaziy Osiyoning boshqa ikki davlati Tojikiston va Turkmaniston ro‘yxatga umuman kiritilmagan. Biroq Freedom House ushbu ikki davlatda hukumat axborot portallari va ijtimoiy media platformalarini «ulgurji o‘chirish»dan foydalanganiga ishora qilgan. Mintaqadagi davlatlar orasida faqat Qirg‘iziston internet ochiqligi bo‘yicha «qisman erkin» deb topilgan.

«Mintaqadagi o‘yin qoidalarini asosan Moskva o‘rnatadi. Maqsadlar ham umumiy: mavjud hokimiyat vertikalini silkitib qo‘ymaslik», deya ta'kidlaydi siyosiy tahlilchi va Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert Arkadiy Dubnov.

Sentabr oyida Apple va Google Rossiyada parlament saylovlari boshlangani sabab mamlakatdagi onlayn-do‘konlaridan muxolifatning ovoz berish ilovasini olib tashladi.

Ushbu ilova qamoqda saqlanayotgan muxolifatchi Aleksey Navalniyning hamkorlari tomonidan yaratilgan bo‘lib, prezident Vladimir Putinga qarshi bo‘lgan rossiyalik saylovchilar ovozlarini birlashtirish uchun mo‘ljallangan edi. Ammo «Roskomnadzor» Apple va Google’ni saylovchilarga ilovani yuklab olishga ruxsat berish orqali, mamlakat siyosiy ishlariga aralashishda aybladi va uni internet-do‘konlaridan olib tashlashni talab qildi.

Rossiya hukumati ushbu kompaniyalarga mahalliy xodimlarini jinoiy javobgarlikka tortish bilan bosim o‘tkazdi.

Qozog‘istonda ham mamlakatdagi huquq faollari sentabr oyida parlamentning hukmron partiyasi tomonidan ko‘rib chiqilgan chet el ijtimoiy tarmoqlari va messenjerlarini respublikada o‘z vakolatxonalarini ochishga majburlovchi qonun loyihasini Rossiyadagi tizimdan nusxa ko‘chirishga urinish sifatida baholagan.

Qonun loyihasi bolalar huquqlarini himoya qilish va kiberhujumlarni cheklash maqsadida ishlab chiqilgani aytilgan bo‘lsa-da, faollar buni so‘z erkinligini cheklash va hukumatga nisbatan bildirilayotgan tanqidlarni yo‘qotishga qaratilgan harakat sifatida tavsiflamoqda.

«Afsuski, biz ikki katta aka o‘rtasidamiz. Xitoydan raqamli kuzatuv texnologiyalar eksport qilinadi. Boshqa bir birodarimiz Rossiya mintaqada katta ta'sirga ega bo‘lgan aktyor hisoblanib, o‘zining huquqiy yondashuvlarini eksport qiladi», deydi Olmaota shahridagi raqamli texnologiyalar bo‘yicha huquq markazi direktori Ruslan Dairbekov.

Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklash imkonini beradigan qonun «Qozog‘istonning xalqaro obro‘yiga va mamlakat ijtimoiy-siyosiy rivojlanishiga putur yetkazishi» ta'kidlangan petitsiyaga 10 mingdan ortiq odam imzo chekkan.

O‘tgan hafta Qozog‘iston hukumati Facebook bilan «zararli kontent bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilish to‘g‘risida» «qo‘shma bayonot» imzolanganini e'lon qildi. Bayonotda aytilishicha, hozirda Meta deya rebrending qilingan Facebook Qozog‘iston hukumatiga tarmoqning kontent haqida hisobot berish tizimiga to‘g‘ridan to‘g‘ri kirish huquqini bergan.

Ammo Meta matbuot kotibi Ben Konagi bu bayonotni inkor qilib, dunyodagi barcha hukumat vakillari tomonidan mahalliy qonunlarning buzilishi yuzasidan kompaniyaga murojaat qilishlari uchun maxsus onlayn xizmat borligini eslatib o‘tgan.

O‘zbekistonda yirik texnologik kompaniyalarga o‘zbekistonlik foydalanuvchilarning shaxsiy ma'lumotlarini mamlakatda saqlash majburiyatini yuklovchi qonun tasdiqlangandi.

Bu qonun esa mamlakat internet-regulyatoriga o‘tgan haftada Telegram’ni bloklashga imkon bergan.

O‘zbekistonda avvalroq Skype, Twitter, TikTok va Rossiyaning «VKontakte» ijtimoiy tarmoqlariga kirish cheklangan edi. Biroq yuqoridagi platformalarning bloklanishi Telegram xizmatidagi uzilishlar kabi keskin noroziliklarni keltirib chiqarmadi. OAV huquqshunosi Madina Tursunovaga ko‘ra, qariyb 34 million aholisi bo‘lgan mamlakatda 18 million kishi Telegram’dan foydalanadi.

Prezident matbuot kotibining Telegram’dagi bayonotida mamlakat internet-regulyatori rahbari «muvofiqlashtirilmagan xatti-harakatlari» uchun ishdan bo‘shatilganini aytib o‘tgan.

Tursunova O‘zbekistonda so‘z va matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyat qoniqarli holatda emasligini aytib o‘tgan.

Mavzuga oid