O‘zbekiston | 13:49 / 12.11.2021
5951
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov «Xitoy – Qirg‘iziston - O‘zbekiston» temir yo‘li loyihasini muhokama qildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 noyabr kuni Istanbul shahrida o‘tayotgan Turkiy kengash sammiti doirasida o‘ziga ajratilgan qarorgohda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbarlarining joriy yil mart oyida Toshkentda o‘tgan uchrashuvi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. Savdo-iqtisodiy hamkorlik barqaror sur'at bilan rivojlanib borayotgani qayd etildi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmlari ortmoqda, aviaqatnovlar ko‘paymoqda. Mashinasozlik, elektrotexnika, energetika, qishloq xo‘jaligi, logistika va boshqa tarmoqlarda, shu jumladan yangidan tashkil etilgan Qo‘shma investitsiya jamg‘armasi resurslarini jalb qilgan holda istiqbolli kooperatsiya loyihalari ishlab chiqilmoqda. Madaniy almashinuvlar kengaymoqda, muhim gumanitar dasturlar amalga oshirilmoqda.

Uchrashuvda “Xitoy – Qirg‘iziston - O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish loyihasini jadal ilgari surishga alohida e'tibor qaratildi.

Mintaqaviy hamkorlik, shu jumladan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi doirasidagi sheriklikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Avvalroq, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Istanbul shahriga kelgach, o‘ziga ajratilgan qarorgohda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi bosh kotibi Bog‘dod Amreyevni qabul qilgandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid