O‘zbekiston | 21:40 / 16.11.2021
3535
2 daqiqa o‘qiladi

Zangiotadagi COVID markazida 112 yoshli bemor tuzaldi

Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga og‘ir ahvolda olib kelingan 112 yashar bemor bir oy davom etgan muolajadan so‘ng kasallikdan sog‘ayib ketdi.

Foto: Kun.uz

Shifoxona Jonlantirish bo‘limi mudiri O‘tkir Qodirovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, 112 yoshni qoralagan Rizayeva Marjon Aziz qizida kasallik alomatlari 21 sentyabrda sezilgan.

“Dastlab kasallik yo‘tal va tana haroratining ko‘tarilishi bilan boshlangani uchun onaxon tanish shifokoriga murojaat qilgan va uy sharoitida muolaja olgan. Biroq ahvoli yaxshilanmagan, aksincha og‘irlashib qolgan. Shundan so‘ng bemor tez tibbiy yordam mashinasida Zangiotadagi 2-sonli maxsus shifoxonaga olib kelingan.

Foto: O‘tkir Qodirov

Qabul bo‘limida bemordan olingan ekspress test musbat natija ko‘rsatgan. 15 oktyabrda o‘tkazilgan multispiral kompyuter tomografiyasi tekshiruvida o‘pka to‘qimasining 86 foizi zararlangani ma’lum bo‘ldi. Tekshiruv natijalariga asoslanib bemor shifoxonaning jonlantirish va intensiv terapiya bo‘limiga olindi”, deydi O‘tkir Qodirov.

Shifokorning so‘zlariga ko‘ra reabilitatsiya muolajalaridan so‘ng mustaqil nafas ola boshlagach, 14 noyabr kuni bemorga uyiga ruxsat berilgan.

Foto: O‘tkir Qodirov

Marjon Rizayeva 1909 yilning 1 iyul kuni Armanistonda tug‘ilgan. Millati ozar, Ozarboyjon Respublikasi fuqarosi. U koronavirusdan sog‘aygan dunyodagi eng keksa odamlardan biri bo‘ldi.

Avvalroq Ispaniyada 113 yoshli Mariya Branyas, Niderlandiyada 107 yoshli Korneliya Ras, AQShda 104 yoshli urush faxriysi, Xitoyda 103 yoshli ayol koronavirusdan sog‘ayib ketgani ma’lum qilingandi.

Mavzuga oid

E`lonlar