O‘zbekiston | 17:00 / 17.11.2021
6300
2 daqiqa o‘qiladi

Adliya vaziri hokim yordamchiligiga majburlanayotganlar vazirlikka murojaat qilishi mumkinligini aytdi

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov hokim yordamchilarini ishga qo‘yishdagi mojaroli vaziyat haqida fikr bildirib, vazirlikda mehnat huquqlari bo‘yicha himoya qilishga vakolatlar borligini qayd etdi.

Vazir hokim yordamchisi bo‘yicha majburlash bo‘layotgani haqidagi gap-so‘zlardan xabardorligini, majburlashga duchor bo‘layotganlar Adliya vazirligiga murojaat qilishi mumkinligini bildirdi.

“Kasbni erkin tanlash bu juda katta ahamiyatga ega bo‘lgan konstitutsiyaviy huquq. Inson o‘z orzu-havaslariga ega, shu yo‘nalish bo‘yicha ishlaydi, o‘z bilimini oshiradi, ertangi kunga rejalar qiladi.

Joylarda shunday holatlar bo‘layotgan bo‘lsa, bu noqonuniy hisoblanadi va holat haqida xabar berayotganlar ham bunga qarshi keskin chora ko‘rishi mumkin. Ya'ni “yo‘q” deb javob berganida tazyiqlar bo‘ladigan bo‘lsa, murojaat qilishi mumkin.

Bizda mehnat huquqlari bo‘yicha himoya qilishga vakolatlarimiz bor. Albatta, holatni manzilli ko‘rib chiqish kerak. Aniq holatda kim majburlanayotgan bo‘lsa, biz shunga o‘z munosabatimizni bildirishimiz kerak”, – deydi adliya vaziri.

Avvalroq, Kun.uz saytida mahallalarda hokim yordamchilari lavozimiga moliya-iqtisodiyot sektorida ish tajribasiga ega bo‘lgan kasb egalari majburan o‘tkazilayotgani bo‘yicha holat yoritilgandi. Bu holat jamoatchilikning faol vakillari tomonidan norozilik bilan kutib olingan.

Аббос Салайдинов
Tayyorlagan Аббос Салайдинов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid