O‘zbekiston | 12:44 / 20.11.2021
9963
3 daqiqa o‘qiladi

Yoshlarni ishga olgan ish beruvchilar ijtimoiy soliqni qaytarib oladi: buning uchun nima qilish lozim?

25 yoshga to‘lmagan xodimlarni ishga olgan ish beruvchilarda ijtimoiy soliq bilan bog‘liq imtiyoz mavjud. Xo‘sh, ish beruvchilar yosh xodimlarga to‘langan ijtimoiy soliq summasini qanday qaytarib oladi? 

Foto: Fotolia

2021 yil 1 maydan 2023 yil 1 yanvarga qadar ish beruvchilarga ular tomonidan 25 yoshdan oshmagan xodimlar uchun to‘langan ijtimoiy soliq summasi Davlat budjetidan to‘liq qaytarib beriladi.

Bunda:

  • ijtimoiy soliq summasi qoplab berilishi so‘ralayotgan yosh xodim hisobot oyida 25 yoshdan oshmagan bo‘lishi;
  • 25 yoshgacha bo‘lgan yosh xodim uzluksiz 6 oy davomida mehnat faoliyatini amalga oshirgan bo‘lishi;
  • ish beruvchi tomonidan belgilangan tartibda ijtimoiy soliq uzluksiz to‘langanini tasdiqlovchi hujjat mavjud bo‘lishi lozim.

Yuqoridagi talablarga javob bermaydigan ish beruvchining arizasi rad etiladi.

25 yoshgacha bo‘lgan xodimlarga ijtimoiy soliq summasini qaytarishga ariza berish uchun nima qilish lozim? DSQ tushuntirish berdi:

  • My.soliq.uz saytidagi shaxsiy kabinetga elektron raqamli imzo (ERI) yordamida kiriladi. “Xizmatlar” ➡ “Soliq majburiyatlari” ➡“Ijtimoiy soliq summasini qaytarish” bo‘limlari ketma-ketlikda tanlanadi.
  • Ochilgan oynada ish beruvchi haqidagi ma'lumotlar avtomatik shakllanadi;
  • ijtimoiy soliq summasini qaytarish so‘ralayotgan davr ko‘rsatiladi;
  • 2022 yil dekabr oyi uchun to‘langan ijtimoiy soliq summasini qoplab berish uchun ish beruvchi tomonidan ariza berishning oxirgi muddati – 2023 yil 1 aprel;
  • Tegishli sanalar kiritilgach, korxonaning 6 oy davomida uzluksiz ishlagan 25 yoshgacha bo‘lgan xodimlari ro‘yxati va ijtimoiy soliq summasi avtomatik tarzda shakllanadi;
  • Ma'lumotlarning haqiqiyligi va ishonchliligi, xususan, ijtimoiy soliq stavkasi, miqdori va yuridik shaxsning bank rekvizitlari — pul mablag‘lari qaytariladigan hisob raqami tekshiriladi;
  • “Ariza shakllantirish” tugmasi bosiladi. So‘ngra ariza va uning ilovasi shakllanadi. Ilovani saqlash va chop etish mumkin.
  • Kiritilgan ma'lumotlar to‘g‘riligiga yana bir bor ishonch hosil qilingach, “Arizani yuborish” tugmasi bosiladi;
  • “Yuborilgan arizalar” bo‘limida ariza holati, ijrochisi va ko‘rib chiqish muddatlari haqida to‘liq ma'lumotlar aks ettiriladi.

Arizalar 5 ish kunida o‘rganib chiqiladi. Taqdim etilgan ariza barcha talablarga javob bersa, 1 ish kuni ichida shakllantiriladigan soliq organlarining tegishli xulosasi bilan birga Moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilikka yuboriladi.

25 yoshgacha bo‘lgan xodimlar uchun to‘langan ijtimoiy soliq summasini qaytarish tartibi budjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Shuningdek, ijtimoiy soliq summasini qaytarib olish bo‘yicha videoqo‘llanma ham mavjud.

Мадина Очилова
Tayyorlagan Мадина Очилова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid