07:53 / 23.11.2021
2936

Majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan 62 nafar mansabdor shaxs 736 mln so‘m jarimaga tortildi

Joriy yilning 10 oyida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan 62 nafar mansabdor shaxsga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 51-moddasi bilan 736,1 mln so‘m miqdorida jarima qo‘llanildi. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi axborot xizmati rahbari Mavjuda Mirzayeva ma'lumot berdi.

Foto: Kun.uz

Qayd etilishicha, 18 ta holatda yuqori turuvchi tashkilotlarga taqdimnomalar kiritilgan hamda 1 ta holatda hujjatlar sud organlariga, 4 ta holatda prokuratura organlariga kiritilgan. 

Paxta yig‘im-terimi mavsumida jami 13 419 ta monitoringlar olib borilgan bo‘lib, mehnat qonunchiligini buzganligi uchun 65 nafar mansabdor shaxsga jami 198,4 mln so‘m miqdorda ma'muriy jarima tayinlandi.

Bunda, 5 ta holatda majburiy mehnat bo‘yicha, 21 ta holatda mehnat shartnomasi tuzilmagani, 25 ta holatda mehnat sharoitlari yaratilmagani, 14 ta holatda terim pullarini o‘z vaqtida to‘lamaslik faktlari aniqlanib, mansabdor shaxslar ma'muriy javobgarlikka tortildi. 

Mehnatni muhofaza qilish talablarini ta'minlash yuzasidan qonunbuzilishlar sohalar bo‘yicha tahlil qilinganda:

  • xalq ta'limi tizimidagi tashkilot va umumta'lim maktablarida 8386 ta;
  • maktabgacha ta'lim muassasalarida 6520 ta;
  • tibbiyot muassasalarida 2770 ta; 
  • qurilish sohasida 2473 ta;
  • qishloq xo‘jaligida 497 ta; 
  • oliy va o‘rta maxsus ta'lim muassasalarida 803 ta;
  • sanoat korxonalarida 679 ta; 
  • transport sohasida 517 ta;
  • savdo va xizmat ko‘rsatish korxonalarida 229 ta holatlarda mansabdor shaxslar tomonidan xodimlarning huquqlari buzilgan. 
Top