19:05 / 23.11.2021
7467

Pavel Durov: Davlat organlarining Telegram-kanallariga reklama qo‘yilmaydi

Telegram asoschisi Pavel Durov tanqidlardan keyin davlat amaldorlari va davlat tashkilotlarining kanallariga o‘z reklamalarini joylamasligini ma'lum qildi.

Foto: AOP.Press/Corbis via Getty Image

Telegram asoschisi Pavel Durov o‘z rasmiy kanalida messenjerdagi majburiy reklama postlari haqida ma'lumot berdi.

Unga ko‘ra, Telegram “homiylik xabarlari” (reklamalar) orqali har kimga o‘z kanali yoki botini targ‘ib qilish imkoni beriladi. Reklamalar faqat kanallarda bo‘ladi, guruhlar va shaxsiy xabarlarga joylashtirilmaydi.

Durov, shuningdek,  foydalanuvchi ma'lumotlari maqsadli reklama (target) uchun ishlatilmasligini bildirdi.

“Boshqa ilovalardan farqli o‘laroq, biz sizning shaxsiy ma'lumotlaringizdan reklama ko‘rsatish uchun foydalanmaymiz”, – deya yozdi u.

Qayd etilishicha, Telegram'dagi majburiy reklamalar faqat 1000 dan ortiq obunachiga ega yirik kanallarda ko‘rsatiladi. Reklama mazmuni kanallarning mavzusiga bog‘liq bo‘ladi.

Reklama xabarlari 160 belgidan iborat matn bilan cheklanadi, unda media (foto, video, gif va boshqalar) hamda tashqi havolalar bo‘lmaydi. Shuningdek, postlar kanaldagi barcha yangi postlarni o‘qib bo‘lgandan so‘ng ko‘rinadi.

Ma'lum qilinishicha, reklama xabarlari hozirda sinov rejimida va foydalanuvchilarning hammasiga ham ko‘rsatilmayapti. Tizim to‘liq ishga tushib, Telegram o‘zining asosiy xarajatlarini qoplay boshlagach, buning ortidan kelayotgan foydadan kanal adminlariga ham ulush ajratiladi.

“Onlayn reklamalar bundan bu yog‘iga foydalanuvchilar maxfiyligini suiiste'mol qilish bilan sinonim bo‘lmasligi kerak. Biz foydalanuvchilari va kontent yaratuvchilarini hurmat qiladigan, barqaror platforma namunasini ko‘rsatish orqali texnologiya kompaniyasi qanday ishlashi kerakligini qayta belgilamoqchimiz”, – deydi Durov.

Ushbu post ostidagi izohlarda Mass-media fondi matbuot kotibi Hikmatilla Ubaydullayev tomonidan Durovdan siyosatchilar, davlat rahbarlari va tashkilotlarning rasmiy Telegram-kanallarida ham test rejimida reklama postlari paydo bo‘lishi haqida so‘raldi.

Bugun, 23 noyabr kuni Durov bunga javoban bular vaqtinchalik ekani, davlat amaldorlari va davlat tashkilotlarining kanallari reklama platformasidan chiqarib tashlanayotganini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, Telegram reklamalari O‘zbekiston prezidentining rasmiy kanalida ham paydo bo‘lgandi.

Avvalroq Telegram'dagi reklamalarni o‘chirishning “unchalik qimmat bo‘lmagan” obuna shaklidagi pulli funksiyasi ishga tushishi xabar qilingan edi. Hozircha bu obunaning narxi ma'lum qilinmadi.

Top