O‘zbekiston | 15:40 / 24.11.2021
31181
2 daqiqa o‘qiladi

Yonilg‘i quyish shoxobchalarida benzin narxi arzonlashmayotganiga izoh berildi

Antimonopol qo‘mitasiga ko‘ra, yonilg‘i quyish shoxobchalari ilgari sotib olgan qimmat narxdagi benzin zaxiralari hisobiga yuqori chakana narxlar saqlanib qolmoqda.

Foto: TASS

23 noyabr kuni birja savdolarida jami 4 ming 196 tonna AI-80 markali benzin qo‘yilgan bo‘lsa shundan 3741 tonna yoki 89 foizi sotilgan.

AI-80 markali avtomobil benzinining o‘rtacha sotilish narxlari 1 tonnasi 10 mln 129 ming so‘mdan 8 mln 444 ming so‘mgacha pasayib, 17 foizga arzonlashgan. Ammo bu holat aksariyat yonilg‘i quyish shoxobchalaridagi narxlarga ta'sir qilayotgani yo‘q.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining izohlashicha, yonilg‘i quyish shoxobchalari ilgari sotib olgan qimmat narxdagi benzin zaxiralari hisobiga yuqori chakana narxlar saqlanib qolmoqda.

Qo‘shimcha qilinishicha, 2-3 oy davomida shakllangan mahalliy xomashyodan ishlab chiqarilgan AI-80 benzinning baland narxlariga ta'sir ko‘rsatish uchun faqat bozor mexanizmlari qo‘llanmoqda, ya'ni taklifga ta'sir ko‘rsatish orqali narxlar barqarorligini ta'minlash, bu choralarning samara berishi va narxlarning barqarorlashishi uchun ma'lum vaqt talab qilinadi. Shu bilan birga, import benzinning narxlari jahon bozorlari kon'yunkturasiga bog‘liqligi omili saqlanib qolmoqda.

Shuningdek, joriy yilning 16-22 noyabr kunlari birjada pasayib borgan narxlarda xarid qilingan 20 760 tonna mahsulotdan 3 409 tonna yoki 16 foizi chakana tarmoqqacha yetib borgan.

Bunda, mahsulot birja savdolarida sotilgandan keyin zavoddan chakana savdogacha yetib borish muddatlarini (15 kungacha sarflanishi mumkin) ham inobatga olish muhimligi aytib o‘tilgan.

Mavzuga oid