18:48 / 25.11.2021
3733

75ta qonunchilik hujjatida 300dan oshiq korrupsiyaviy omillar aniqlandi

Qurilish, sog‘liqni saqlash, oliy ta'lim va davlat xaridlari sohalariga oid 75ta qonunchilik hujjatida 302ta korrupsiyaviy omillar mavjudligi aniqlandi.

Qurilish, sog‘liqni saqlash, oliy ta'lim va davlat xaridlari sohalariga oid 75ta qonunchilik hujjatida 302ta korrupsiyaviy omillar mavjudligi aniqlandi.

Adliya vazirligi tomonidan bir qator sohalarga oid qonunchilik hujjatlari korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilgan. Bu haqda vazirlikning Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Ekspertiza “Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5263-sonli prezident qaroriga asosan amalga oshirilgan.

Korrupsiyaning oldini olish va korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etish imkoniyatini yaratadigan omillarni bartaraf etish maqsadida qurilish, sog‘liqni saqlash, oliy ta'lim va davlat xaridlari sohalariga oid amaldagi 226ta qonunchilik hujjati korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilgan. Ekspertiza natijalari bo‘yicha 75ta qonunchilik hujjatida (jami hujjatlarning 33 foizi) 302ta korrupsiyaviy omillar mavjudligi aniqlangan. Endilikda ushbu korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish ustida ish olib boriladi.

Qo‘shimcha qilinishicha, 2022-2026-yillar davomida vazirlik tomonidan amaldagi 21 mingdan ortiq qonunchilik hujjatlari to‘liq korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkaziladi.

Ma'lumot uchun, Adliya vazirligi tomonidan adliya_korrupsiyasizqonun_bot telegram boti ishga tushirilgan bo‘lib, ushbu bot orqali fuqarolar amaldagi qonunchilik hujjatlaridagi korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etish imkoniyatini yaratadigan normalar, byurokratik to‘siqlar va asossiz xarajatlarga olib keluvchi normalar va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni vazirlikka yuborish imkoniyatiga ega.

Top