24 noyabr kuni Shvetsiya hukumati rahbari lavozimiga birinchi marta ayol kishi — Shvetsiya Sotsial-demokratik ishchi partiyasi rahbari va moliya vaziri Magdalena Andersson saylangan edi. Shvetsiya radiosining xabar berishicha, u Yashillar partiyasining hukumatdan chiqish to‘g‘risidagi qarori bilan bog‘liq holda Vazirlar Mahkamasida bo‘linish yuz bergani tufayli yetti soatdan keyin o‘z lavozimini tark etdi. Bu, o‘z navbatida, parlamentda budjet loyihasi rad etilishi oqibatida ro‘y berdi.

Hukumat tomonidan taklif etilgan budjet «Shved demokratlari» o‘ng populist partiyaga kiruvchi muxolifat foydasiga rad etildi.

Andersson dastlab muxolifatchilar tomonidan ishlab chiqilgan budjetga ega mamlakatni boshqarishga rozilik bergandi, biroq yashillar budjetni ishlab chiqishda «Shved demokratlari» ishtirok etgani uchun koalitsiyani tark etishga qaror qildi.

Endi parlament spikeri partiya yetakchilari bilan muzokaralarning yangi raundini boshlaydi. Ushbu muzokaralar Andersson nomzodi parlamentda ovoz berish uchun yana taqdim etilishiga olib kelishi mumkin.

Reuters agentligi xabar berishicha, uning bosh vazir sifatida qaytish imkoniyati ancha yuqori: Yashillar uning nomzodini yana qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Markaz partiyasi esa ovoz berishda betaraf qolishga va'da bergan, bu esa amaliyotda qo‘llab-quvvatlashni anglatadi. So‘l partiya ham Andersson uchun ovoz berishga tayyor.

Mazkur uch siyosiy kuch budjetni ma'qullay olmagan bo‘lsa-da, ular «Shved demokratlari» hokimiyatga kelmasligi uchun birlashishga tayyor. «Biz Shvetsiyada «Shved demokratlari»ga tayanmaydigan hukumat paydo bo‘lishi uchun yana hamma narsa qilamiz», — dedi markazchilar yetakchisi Anni Lyof. Agar bu maqsad amalga oshsa, Andersson Sotsial-demokratik partiya tomonidan shakllantirilgan kabinetni boshqara oladi.

Ilk bosh vazir ayol

Andersson tayinlanguniga qadar Shvetsiya ayol kishini hech qachon milliy yetakchi sifatida saylamagan yagona skandinav mamlakati edi.

54 yoshli Magdalena Andersson Shvetsiya parlamenti tomonidan ma'qullandi va ushbu lavozimdagi Stefan Leven o‘rniga keldi. Mamlakat qonunlariga ko‘ra, bosh vazir lavozimiga saylanish uchun parlament a'zolarining ko‘pchiligi qarshi ovoz bermasligi kifoya qiladi.

Deputatlarning yarmidan kamrog‘i – 174 kishi Shvetsiya Sotsial-demokratik mehnat partiyasi yetakchisi Magdalena Anderssonning saylanishiga qarshi bo‘ldi. 117 nafar deputat uni qo‘llab-quvvatladi, yana 57 nafari betaraf qoldi. Bu esa unga minimal farq bilan g‘alaba keltirdi. Natijalar e'lon qilingach, sotsial-demokratlar yetakchisini olqishlab, Riksdagda qarsaklar chalindi.