«Qo‘rqinchli mutatsiya». Yangi shtamm nimasi bilan xavfli va dunyo bo‘ylab qanchalik tez tarqaladi?
Dunyo olimlari, JSST va turli mamlakat hukumatlari koronavirusning yangi shtammi paydo bo‘lganidan tashvishda. Yaqin vaqtgacha uni yuqtirish holatlari Afrika janubida, JAR va Botsvanada qayd etilgandi. Biroq endilikda Hongkong, Belgiya va Isroilda ham zararlanish holatlari aniqlandi. Mutaxassislar yangi shtammning dunyo bo‘ylab tez tarqalishidan xavotirlanmoqda.

Foto: Getty Images
Hozirgi vaqtda koronavirusning yangi varianti bilan Janubiy Afrikaning Gauteng provinsiyasida 77ta va Botsvanada 4ta kasallanish holatlari qayd etilgan.
Hongkongdagi holat kasallangan kishining JARdan uchib kelishi bilan bog‘lanmoqda. Orolda u yana kamida bir kishiga virus yuqtirgan. Belgiyada bir necha kun oldin Misrdan kelgan kishida ushbu shtamm aniqlandi. Isroildagi holatning ehtimoliy sabablari haqida hozircha ma'lum qilinmagan.
Biroq janubiy afrikalik olimlar o‘zlari o‘tkazgan tadqiqotlar asosida yangi shtamm JARning deyarli barcha hududida mavjud ekanini aytishyapti. Yangi shtamm amalda ikki hafta ichida «delta»ni siqib chiqargan va endilikda ustun mavqeni egallagan. Tadqiqot natijalari hozircha e'lon qilinmagan.
Buyuk Britaniya Afrikaning olti mamlakati – JAR, Botsvana, Namibiya, Lesoto, Zimbabve va Esvatini bilan aviaqatnovlarni bekor qildi. Isroil bosh vaziri Naftali Bennet 25 noyabr kuni Afrikaning ko‘plab mamlakatlariga parvozlar taqiqlanishi haqida ma'lum qildi.
Juma kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yangi xavfga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazadi. Unda «Alfa», «Beta» va «Delta» shtammlariga o‘xshab, yangi shtammga ham grekcha nom qo‘yilishi kutilmoqda. Hozirda yangi variant vaqtincha B.1.1.529. deb atalyapti.
Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, yangi shtamm mutatsiyalari miqdori kishini dahshatga soladi. Koronavirusning oldingi variantlaridan hech biri bunchalik kuchli mutatsiyaga uchramagan.
Hozirda eng muhim savol – bu shtamm qanchalik tez tarqalishi borasida.
Yangi shtamm haqida nimalar ma'lum?

Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, u avvalgilaridan juda katta farq qiladi.
«Bu variant bizni hayron qoldirdi. U katta evolyutsion rivojlanishni amalga oshirdi va qariyb 50ta mutatsiyadan o‘tdi», deydi Janubiy Afrika Epidemiologik reaksiya qilish va innovatsiyalar markazi professori Tulio de Oliveyra jurnalistlarga.
50ta mutatsiyadan 30taga yaqini spayk-oqsil – virus qobig‘idagi tojga o‘xshash tikanlarga tegishli. Ular yordamida virus odam hujayrasiga joylashadi.
Bu yangi shtammning eng xavotirli o‘ziga xos jihati. Olimlarning aytishicha, vaksinalarning katta qismi ana shu tikanlarni neytrallashtirish uchun ishlaydi.
Virusning spayk-proteindan boshqa qismi yangi variantda 10 marta mutatsiyaga uchragan. Taqqoslash uchun, «Delta» shtammda virusning bu segmenti ikkita mutatsiyani amalga oshirgan.
Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, mutatsiyalarning darajasi immuniteti kuchsiz, virusni yenga olmagan bemor tanasida qo‘zg‘atilgan bo‘lishi mumkin.
B.1.1.529 nimasi bilan xavfli bo‘lishi mumkin?
Mutaxassislarning fikricha, kuchli mutatsiya odam uchun xavfli bo‘lmasa-da, bu vaziyatda shuni tushunish kerakki, hozirda paydo bo‘lgan virus Uhanda pandemiyaga olib kelgan virusga qaraganda tubdan farq qiladi.
Demak, hozirga qadar yaratilgan barcha vaksinalar B.1.1.529 ga qarshi samarasiz bo‘lib chiqishi mumkin.
Xususan, ayrim mutatsiyalar shunga olib keladiki, organizmdagi odam antitanalari virusni avvalgidek osonlikcha tanib olmaydi.
N501Y sifatida tanilgan mutatsiya esa virusni yanada yuqumli qiladi. Har bir yangi ana shunday o‘zgarish bilan virus tarqalishi ko‘lami ortadi.
Olimlar aynan shundan – virus tarqalishining yanada kengroq imkoniyatlaridan xavotirda. Bundan tashqari, yangi shtamm odam immun tizimining yaqin vaqtgacha oson aniqlash mumkin bo‘lgan ayrim sohalarini aldashni o‘rgangan.
Emlanish foizi yuqori bo‘lgan mamlakatlarda koronavirusning yangi varianti o‘zini qay holatda ko‘rsatishi aniq emas.
U kasallik kechishi borasida «Delta» shtammidan qanchalik xavfli ekani ham aniq emas.
Hozircha laborator tadqiqotlar o‘tkazilyapti. JSST mamlakatlardan epidemiologik xavfsizlik choralarini kuchaytirish va yangi shtamm tarqalishiga oid statistikani muntazam taqdim etishni so‘ragan.
Tavsiya etamiz
O‘qituvchilarni ovoz yig‘ishga majburlagan maktab direktori ishdan olindi
O‘zbekiston | 11:20 / 14.03.2025
Putin AQSh va Ukrainaning 30 kunlik otashkesim taklifiga rozi bo‘ldi
Jahon | 23:00 / 13.03.2025
“Xitoy bilan oramiz buzilishini istovchi davlatlar bor” – tarmoqdagi dolzarb mavzu haqida suhbat
O‘zbekiston | 15:17 / 13.03.2025
«Credit House» ishi: Minglab odamlar uysiz va pulsiz qolyapti
O‘zbekiston | 12:30 / 13.03.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Finlandiya AQShga tuxum yetkazib berishdan bosh tortdi
Jahon | 00:25
-
Tramp Lotin Amerikasiga giyohvand moddalarga qarshi kurashda yordam ko‘rsatishni to‘xtatdi
Jahon | 00:00
-
Latviya Belarus bilan chegaradagi yagona nazorat-o‘tkazish punktini yopdi
Jahon | 23:05 / 16.03.2025
-
Yangiyo‘lda Gentra simyog‘ochga borib urildi
Jahon | 22:49 / 16.03.2025
Mavzuga oid

20:43 / 09.03.2025
Afrikaning 15 ta davlati 2024 yilda internetni bloklash bo‘yicha rekord o‘rnatdi

16:24 / 06.02.2025
O‘zbekiston va Somali o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatildi

09:05 / 31.01.2025
Rossiya Suriyadagi harbiy kontingentini Liviyaga ko‘chiradimi?

14:52 / 24.01.2025