Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Farg‘onadagi gaz to‘ldirish shoxobchasida yuz bergan portlash oqibatida 5 kishi jarohat oldi
Farg‘ona viloyatining Toshloq tumani «Varzak» mahalla fuqarolar yig‘ini Ko‘prikboshi ko‘chasida joylashgan «Oltiariq gaz to‘ldirish» mas'uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli avtomobillarga suyultirilgan gaz to‘ldirish shoxobchasida portlash sodir bo‘lgan. Bu haqda tuman hokimining qarorida ma'lumot berildi.
Ma'lumotda aytilishicha, 2021 yil 25 noyabr kuni soat taxminan 16:42larda Toshloq tuman «Varzak» mahalla fuqarolar yig‘ini, Ko‘prikboshi ko‘chasida joylashgan «Oltiariq gaz to‘ldirish» mas'uliyati cheklangan jamiyatining avtomobillarga suyultirilgan gaz to‘ldirish shoxobchasida gaz-havo aralashmasining chaqnashi sodir bo‘lgan.
Natijada, ushbu shoxobchada xizmat olib borayotgan ishchi xizmatchilar - Qo‘shtepa tumanida yashovchi, 1959 yilda tug‘ilgan fuqaro M.Yo., Quva tumanida yashovchilar, 1962 yil tug‘ilgan fuqaro A.A., Z.J., 1987 yil tug‘ilgan fuqaro O.A. hamda Toshloq tumanida yashovchi, 1995 yilda tug‘ilgan fuqaro A.A. tan jarohati olib, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialiga davolanish uchun yotqizilgan.
Mazkur chaqnash oqibatida avtomobillarga suyultirilgan gaz to‘ldirish shoxobchasi bino qismi zararlanmagani aytiladi. Shu hududda yashovchi boshqa fuqarolarning xavfsizligini ta'minlash, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan baxsiz hodisalarning oldini olish maqsadida, birlamchi o‘rganishlar natijasida «Oltiariq gaz to‘ldirish» MChJ avtomobillarga suyultirilgan gaz to‘ldirish shoxobchasi binosi qismiga zarar yetmaganligi aniqlangan.
Tuman hokimi qaroriga ko‘ra, sodir bo‘lgan baxsiz hodisaning sabablarini o‘rganish, uning oqibatlarini bartaraf etish, jabrlangan fuqarolarga har tomonlama yordam ko‘rsatish maqsadida komissiya tuzilgan.