20:00 / 30.11.2021
4391

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJda dispetcherlik-monitoring markazi tashkil etildi

Foto: Issiqlik elektr stansiyalari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 5 oktyabrdagi PF-6079-sonli “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida hamda raqamli transformatsiya dasturi ijrosi doirasida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJda dispetcherlik-monitoring markazi tashkil etildi.

Foto: Issiqlik elektr stansiyalari

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – korxonalar faoliyatini jahonda tan olingan korporativ boshqaruv mexanizmlari asosida tashkil etish, ishlab chiqarish jarayonini raqamlashtirish, buning vositasida ortiqcha sarf-xarajatlardan voz kechib, sohaning ochiq bozor munosabatlari tamoyillariga asoslangan shaffofligini ta'minlashdan iborat.

Foto: Issiqlik elektr stansiyalari

Ushbu markaz “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tarkibidagi barcha elektr stansiya va markazlar faoliyatini muvofiqlashtirish, elektr energiyasi ishlab chiqarish va uni yuqori kuchlanishli liniyalarga chiqarib berish jarayonini ta'minlash bo‘yicha uzluksiz dispetcherlik-monitoring boshqaruvini amalga oshiradi.

Foto: Issiqlik elektr stansiyalari

Ayniqsa, kuz-qish mavsumida elektr energiyasi ishlab chiqarish ishlari barqarorligini ta'minlash, kuzatilishi mumkin bo‘lgan avariyaviy holatlarning oldini olish, ularni tezkorlik bilan bartaraf etish borasida markazning ahamiyati katta.

Foto: Issiqlik elektr stansiyalari

Dispetcherlik-monitoring markazi uzluksiz 24 soat, tunu kun faoliyat yurituvchi muvofiqlashtirish markazi vazifasini o‘taydi va quyidagi ishlarni amalga oshiradi:

- real vaqtda issiqlik elektr stansiyalarida elektr energiyasi ishlab chiqarish jarayoni onlayn monitoringini amalga oshiradi;

- elektr energiyasi ishlab chiqarilishi uchun shartli yoqilg‘i sarfi, uning zaxirasi nazoratini olib boradi;

- elektr stansiyalar yoqilg‘i-transport sexlari faoliyatini muvofiqlashtiradi hamda masofadan turib avtotransport vositalari harakatini, yoqilg‘i saqlash obektlari faoliyatini kuzatib boradi;

- avariyaviy holatlar oldini olish maqsadida stansiyalarda tashkil etilgan mas'ul xodimlardan iborat, tunu kun faoliyat yurituvchi qo‘shimcha navbatchilik guruhlari bilan birgalikda ish olib boradi;

- Uskunalarning ishonchliligiga ta'sir etuvchi kamchiliklarni aniqlash va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishda stansiyalarga amaliy yordam ko‘rsatadi;

- avariyaviy holatlar yuz bergan taqdirda, ularni bartaraf etish bo‘yicha birinchi darajali chora-tadbirlarni belgilaydi hamda tezkorlik bilan bartaraf etish ishlarini tashkil qiladi;

- stansiyalarda elektr energiyasi ishlab chiqarish barqarorligini ta'minlash, mahsulot tannarxini pasaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar monitoringini olib boradi;

- elektrstansiyalarda xavfsizlik texnikasi qoidalariga asosan ishni betalafot tashkil etish, ishchi-xizmatchilar salomatligini muhofaza etish choralarini nazorat qiladi;

- zarur hollarda operativ tarzda uzluksiz 24 soat mobaynida energoobektlarga chiqib boradi, ishlarni muvofiqlashtiradi.

Foto: Issiqlik elektr stansiyalari

Ushbu ishlarni masofadan turib samarali tashkil etish bo‘yicha markaz zamonaviy axborot-kommunikatsiya uskunalari bilan jihozlangan. Ishga malakali mutaxassislar jalb etilib, ular uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan.

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Matbuot xizmati  Ⓣ

Top