Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hokimlarga sovg‘alar, “benzin islohoti” va eks-vazirning omadsiz piari - X-News
Chilonzor hokimiyatiga yangi kvartira, Toshkent hokimiga esa shohona Mercedes sovg‘a qilishdi, nimaning evaziga? O‘zbekistonda AI-80 benzinini ishlab chiqarish to‘xtatiladimi? Haydovchilar qaysi jarimalardan qutuldi? UzAuto'ning vajlari nega shubhali? Xpress loyihasining navbatdagi hafta dayjestida shu va boshqa mavzularda so‘z boradi.
AI-80 benzinini ishlab chiqarish to‘xtatiladi
Benzin narxi mavzusi hamon aktualligini yo‘qotmayapti. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ularning aralashuvi bilan narx tushayotgani haqida bayonotlar berayotgan bo‘lsa-da, aksariyat shoxobchalarda AI-80 benzini narxi 8 ming so‘m atrofida saqlanib turibdi.
Qo‘mita esa birjadagi benzin narxi 10 kun ichida 20 foizga pasaygani, ayrim shoxobchalarda AI-80 benzini 6500 so‘mgacha arzonlashganini aytyapti. Lekin, masalan, Toshkentda bunaqa narxga yoqilg‘i topolmaysiz. Eng arzoni “O‘zbekneftgaz” shoxobchalarida – 6890 so‘m. Bu narxda benzin quyish uchun, birinchidan, navbat kurish kerak; ikkinchidan, kechga yaqin shoxobchalarda AI-80 benzini tugab qolyapti.
Endi buyog‘iga haydovchilar AI-80 tanqisligiga ko‘nikib boraverishlari kerak. Chunki bu markadagi benzinni ishlab chiqarish yaqin orada butunlay to‘xtatiladi. “O‘zbekneftgaz” 1 dekabr kuni ayni shu masalada rossiyalik hamkorlar bilan muzokara boshlaganini ma’lum qildi.
Muzokaralarda Buxoro neftni qayta ishlash zavodida AI-80 o‘rniga AI-92 benzinini ishlab chiqarishga o‘tish ko‘rib chiqilyapti. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan AI-80 benzinining 80 foizi aynan shu zavoddan chiqadi.
Ayrimlar bilmasligi mumkin, lekin O‘zbekiston – AI-80dan foydalanadigan sanoqli davlatlardan biri. Aksariyat davlatlar bunaqa sifatsiz benzindan allaqachon voz kechgan. O‘zimizning UzAuto chiqaradigan mashinalarning birortasiga ham aslida AI-80 benzinini quyish mumkin emas.
UzAuto Motors ichki iste’molchilarni kamsityaptimi?
Hafta haydovchilar uchun yangiliklarga boy bo‘ldi. Ulardan eng shov-shuvlisi – UzAuto Motors yana minglab mijozlariga mashinalarni vaqtida yetkazib bermagani bo‘ldi.
Noyabr-dekabr oylariga deb shartnoma tuzganlar yana 2 oy kutishga majbur.
Mijozlarga munosabatni qarang: kompaniya noyabr oyiga deb tuzilgan shartnomalarni o‘zgartirayotgani haqida oyning eng oxirgi kunidagina xabar qildi. Ya’ni bir necha ming xaridor oyning oxirgi kunigacha puch umid bilan kutgan bo‘lib chiqdi.
UzAuto aytayotgan sabab – yana o‘sha yarimo‘tkazgichlar yetishmovchiligi. Va shu yerda bir narsani tan olish kerak: mikrochiplar yetishmovchiligi qanchalik haqiqat bo‘lsa, kompaniya o‘zbekistonlik xaridorlarni chet ellik mijozlardan past ko‘rayotgani ham shunchalik rost.
O‘zbeklar mashina pulini oldindan to‘lab qo‘yib, yarim yillab navbat kutayotgan bir paytda, masalan Qozog‘istonda UzAuto Motors mashinalarini bemalol navbatsiz sotib olish mumkin.
Kompaniya mikrochiplar yetishmovchiligi haqida anchadan beri gapiradi. Lekin raqamlar haqiqatni ko‘rsatib turibdi: UzAuto 2021 yilning dastlabki 9 oyida bir yil oldingiga qaraganda 2 barobar ko‘p avtomobil eksport qilgan.
Haydovchilar uchun xushxabarlar
Yaxshi yangiliklar ham yo‘q emas. Nihoyat, 2022 yil 1 martdan boshlab, mashina boshqarayotgan paytda faqat pasportingiz yoningizda bo‘lsa bas. Haydovchilik guvohnomasi, texpasport, ishonchnoma va sug‘urta polisi uyingizda turaversa ham bo‘ladi.
Sizni to‘xtatgan YPX xodimi pasport yoki ID kartangizga qarab hujjatlaringiz joyidami-yo‘qmi, o‘zi planshetidan tekshirib olaveradi.
30 noyabr kuni prezident imzolagan qonunda boshqa yangiliklar ham bor:
- Avtomobil boshqarayotganda qo‘lni band qilmaydigan quloqchin va boshqa bluetooth garnituralar orqali telefonda gaplashishga ruxsat berildi.
- Endi avtomobilning old qismiga monitor o‘rnatish ham mumkin. Lekin e’tibor bering, harakatlanayotgan paytda monitorda video ko‘rganlik uchun jarima saqlanib qolyapti. Harakat paytida monitordan faqat GPS-navigator sifatida foydalanish mumkin.
- Bundan tashqari, majburiy sug‘urta polisini olmaslik, yo‘lovchilarni litsenziyasiz tashish va pasport tizimi qoidalarini buzish uchun jarimalar miqdori kamaytirildi.
Endi tezlik oshirib yuborilgan barcha holatlarda radar qayd etgan tezlikdan 5 km/soat ayirib jazo qo‘llanadi. Bu – avtomobil spidometri va radarlarda uchrashi mumkin bo‘lgan texnik xatolar bilan bog‘liq.
Bunaqa tartib yangi qonun qabul qilinmasidan oldin ham bor edi, lekin haydovchilarning ziyoniga noto‘g‘ri qo‘llanayotgandi. Qoidaga ko‘ra, tezlik 70 km/soatgacha deb belgilangan joyda haydovchi 75 km/soat tezlik bilan radarga tushsa, unga jarima yozilmaydi. Jarima tezlik 76ga yetganidan boshlab yoziladi.
Lekin xuddi shu holatda haydovchi belgilangan tezlikdan 20 km/soat ko‘proq – 91 yoki 95 tezlik bilan radarga tushsa, 270 ming emas, 1 mln 350 ming so‘m jarimaga tortilayotgandi. Yangi qonun bilan xato to‘g‘rilandi, lekin adolat qaror topdi deya olmaymiz. Buning uchun haydovchilardan noto‘g‘ri undirib kelingan pullar ularga qaytarib berilishi kerak.
“Avtomobil tarixi” loyihasi e’lon qilindi
Navbatdagi xushxabar ham haydovchilarga taalluqli. Mashinabozordan mashina sotib olayotganda uning tarixi haqida davlatdan ma’lumot olish mumkin bo‘ladi. Bu hozircha loyiha, tizimni 1 yanvardan ishga tushirish mo‘ljal qilingan.
“Avtomobil tarixi” tizimi ishga tushsa, minilgan mashinani xotirjam xarid qilish mumkin bo‘ladi. Ya’ni u orqali mashinaning yo‘l transport hodisasida qatnashmagani, kuzov raqami, taxminiy yurgan masofasi, garovda yoki taqiqda emasligi, bu mashina uchun yo‘lovchi tashish litsenziyasi olinmagani, ya’ni taksistlik qilinmaganini tekshirish mumkin bo‘ladi.
Davlat xizmatining narxi 54 ming so‘m bo‘lishi reja qilinyapti.
“Prava”ni sotib olish holatlariga qarshi yangi tizim
O‘zbekistonda yiliga 2 ming kishi yo‘l-transport hodisalarida halok bo‘lishi haqida avvalgi ko‘rsatuvlarimizda aytgan edik. Bu fojiali raqamning bunchalik kattaligiga sabablardan biri – bizda o‘qimasdan ham “prava” olsa bo‘ladi.
Payshanba kuni Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi haydovchilik imtihonlarini o‘tkazadigan xususiy markazlar faoliyati boshlanayotganini e’lon qildi.
E’londa aytilishicha, xususiy markazlarda imtihonlar TO‘LIQ inson omilidan xoli tarzda, avtomatlashtirilgan elektron tizim orqali o‘tkaziladi. Bu – nazariy va amaliy imtihonlardagi korrupsion holatlarga chek qo‘yishi aytilyapti.
Yangi tizim o‘qimasdan ham imtihonga kelib, pulini to‘lab, “prava”ni olib ketaverish holatlariga chek qo‘yishi kerak. O‘qimasdan turib imtihondan o‘tib bo‘lmaydi degan tushuncha paydo bo‘lsa, odamlar bora-bora baribir yaxshiroq o‘rganishga majbur bo‘ladi, haydovchilik maktablaridan ham shuni talab qiladi. Eskicha ishlashga o‘rganib qolgan haydovchilik maktablari ham o‘zgarishi kerak, xalqaro tajribaga asoslangan yangi tizim ularni shunga majbur qila oladi deb umid qilamiz.
Demak, bu xabarni ham bemalol yaxshi yangiliklar qatoriga qo‘shsak bo‘ladi, chunki yo‘llardagi o‘limlarni kamaytirishga qaratilgan har qanaqa chora olqishga sazovor.
Tadbirkor nega Chilonzor tuman hokimligiga yangi sovg‘a qildi?
Toshkentda g‘alati ishlar bo‘lyapti. Avvaliga bir tadbirkor o‘ziga tegishli uyni, ko‘p o‘tmay boshqa bir fuqaro o‘z qimmatbaho mashinasini hokimiyatga sovg‘a qildi. Odamlar esa hayron: bu vatanparvarlikmi yo korrupsiyaning bir ko‘rinishi?
Dastlab, Chilonzor tumanida ro‘yxatdan o‘tgan quruvchi kompaniya – “AST LIDER” MChJ o‘ziga tegishli 3 xonali kvartirani tuman hokimligiga sovg‘a qildi. Al-Xorazmiy ko‘chasida joylashgan, yangi qurilgan ko‘p qavatli uydagi kvartira maydoni – 95 metr kvadrat.
11 noyabr kuni Chilonzor hokimi Shavkat Mavlonov qaror chiqarib, sovg‘ani qabul qilib olishni va kvartirani tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Ikrom Tillayevga xizmat uyi sifatida biriktirib berishni buyurgan.
Bu yerda uchta masala bor. Birinchi masala, hokim qarori chiqqan paytda uy berilgan Ikrom Tillayev qarorda yozilgan mansabidan ketib bo‘lgan edi. Podpolkovnik Tillayev Chilonzorning bosh melisasi lavozimiga 2018 yil avgustda kelgan. 2021 yil avgustda esa bu lavozimga podpolkovnik Farhod Jabborov tayinlangan.
Ikkinchi masala – tuman hokimi Shavkat Mavlonov va Ikrom Tillayev o‘rtasidagi bog‘liqlik. Shavkat Mavlonov faoliyati davomida ichki ishlar tizimida katta lavozimlarda ishlagan. U 2017 yilda Chilonzor tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i bo‘lganida, Ikrom Tillayev uning birinchi o‘rinbosari edi. Oradan 4 yil o‘tib, u sobiq hamkasbini tadbirkor orqali xizmat uyi bilan ta’minladi.
Uchinchi va eng asosiy masala esa – nega tadbirkor o‘zidan o‘zi hokimiyatga uy sovg‘a qilgan? Bu vatanparvarlikmi yo uni majburlashganmi yoki bu yerda “sizdan ugina, bizdan bugina” tamoyili ishlayaptimi?
Mercedes Benz S500 va Jahongir Ortiqxo‘jayev
Fuqarolarning hokimiyatga sovg‘a berishi bilan bog‘liq yana bitta holat shu hafta ro‘y berdi. Latipova Ziyoda Bahromovna ismli fuqaro o‘zining 200 ming dollardan qimmat turadigan Mercedes-Benz S500 gibrid rusumli avtomobilini Toshkent shahar hokimligiga tortiq qildi.
Hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev 30 noyabr kungi qarori bilan mashinani hokimlik balansiga olishni buyurdi.
Internetda yozishlaricha, Jahongir Ortiqxo‘jayev oktyabr oyida “Paxtakor” stadionida bo‘lib o‘tgan MotorFest ko‘rgazmasiga aynan shu mashinada kelgan. U o‘ziga tegishli avtomobildan hokimlikda xizmat mashinasi sifatida foydalanishga qaror qilgan bo‘lishi mumkin, chunki uning darajasidagi davlat amaldori uchun 50 ming dollardan qimmat turadigan xizmat mashinasi sotib olish taqiqlangan.
Xo‘sh, o‘zi umuman Toshkentning biznesmen hokimi qanaqa mashinada yuradi? Bu haqdagi ma’lumot hokimlik saytida yo‘q. Bu esa prezident farmoniga zid. 1 iyuldan barcha davlat organlariga o‘zlarining mashinalari va ular bilan bog‘liq xarajatlarni rasmiy saytlariga joylab borish buyurilgan.
Mavzuga oid
09:10 / 07.06.2026
AES narxi ochiqlandi, yirik pudrat sxemasi fosh bo‘ldi - hafta dayjesti
22:49 / 30.05.2026
“Armiya himoyasidagi” pedagoglar va kichik biznes uchun soliq islohoti - hafta dayjesti
10:24 / 24.05.2026
$57 millionlik ezgu tashabbus va IIVdagi ikki xil standart - hafta dayjesti
10:40 / 17.05.2026