Fan-texnika | 10:59 / 05.12.2021
72696
5 daqiqa o‘qiladi

Eng tezkor smartfonlar, Oydagi «sirli uy» surati, suzuvchi shahar – hafta texnologik dayjesti

Kun.uz yakunlanayotgan haftadagi eng qiziqarli texnoxabarlarni jamladi.

Eng tez ishlaydigan smartfonlar

Foto: Xiaomi

Xiaomi kompaniyasining Black Shark 4S Pro smartfoni tezkorlik reytingida ketma-ket ikkinchi oy birinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda AnTuTu saytida ma’lum qilindi.

Mazkur smartfon Snapdragon 888+ protsessori bilan jihozlangan.Uning tezkor xotirasi 16, doimiy xotirasi 512 gigabaytni tashkil etadi. Tezkorlik testida gadjet 875 mingdan ko‘proq ball to‘pladi.

Ikkinchi o‘ringa joylashgan ZTE Nubia Red Magic 6S Pro qariyb 853, undan keyingi o‘rindagi Vivo iQOO 8 Pro 847 ming ball to‘play olgan.

Tadqiqotchilarning qayd etishicha, dastlabki o‘ntalikdan o‘rin egallagan smartfonlar Qualcomm kompaniyasi protsessorlarida ishlaydi.

Bolalar uchun mo‘ljallangan kvadrosikl

Tesla kompaniyasi rasmiy saytida bolalar uchun mo‘ljallangan Cyberquad for Kids elektr kvadrosikli sotuvi boshlandi.

Kvadrosikl 8 yoshdan oshgan bolalarga mo‘ljallangan.

Cyberquad kvadrosiklining vazni 55 kg bo‘lib, u 68 kg og‘irlikdagi yukni ko‘tara oladi.

Elektr kvadrosikl soatiga 16 kmgacha tezlikda harakatlana oladi. Akkumulyator bir marta quvvatlantirilganida 25 km yo‘l bosish mumkin, uni to‘liq quvvatlantirish uchun 5 soatcha vaqt ketadi. Cyberquad for Kids 1,9 ming dollardan taklif etilmoqda.

Oyning orqa tomonidagi «sirli uy» surati

Foto: CNSA

Xitoyning «Yuytu-2» lunoxodi Oydan kub shaklidagi sirli jism suratini jo‘natdi. Bu haqda jurnalist Endryu Jons o‘z Twitter sahifasida xabar qildi.

Hozircha bu borada batafsil ma’lumot olish imkoni yo‘q, chunki «sirli uy»ning tasviri unchalik aniq emas.

Oyning bu qismida kraterlar ko‘p bo‘lib, bu jism asteroid zarbasi natijasida paydo bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin.

«Yuytu-2» 2019 yilda Fon Karman krateri joylashgan hududga qo‘ngan bo‘lib, u Oyning orqa tomoniga yetib kelgan birinchi lunoxod hisoblanadi.

Yilning eng yaxshi o‘yin va ilovalari

Foto: Shutterstock

Apple kompaniyasi Apple qurilmalari uchun 2021 yilning eng yaxshi 15 o‘yini va ilovalari ro‘yxatini e’lon qildi.

Ta’kidlanishicha, bu ilovalar foydalanuvchilarga o‘z qiziqishlari bilan mashg‘ul bo‘lish, yangi ijodiy imkoniyatlarini ochish va yangi taassurotlar olishda yordam bergan. 

Among Us simulyatori eng yaxshi o‘yinlar sirasiga kiritildi. Apple shuningdek, Bumble tanishuvlar ilovasi, Canva dizayn dasturi va qora tanlilarga tegishli tamaddixonalar haqida ma’lumot beruvchi EatOkra ilovasini eng yaxshi ilovalar deb topdi.

Bundan tashqari, iPhone uchun mo‘ljallangan League of Legends: Wild Rift, iPad uchun mo‘ljallangan Marvel Future Revolution o‘yinlari va LumaFusion videodasturi ham ro‘yxatdan o‘rin egalladi.

50 dollarlik hushtak

Foto: Tesla

Milliarder va Tesla kompaniyasi asoschisi Ilon Mask yangi gadjetni taqdim etdi. U Twitter sahifasida Cyberwhistle hushtagi sotuvi boshlanganini e’lon qildi.

Maskning so‘zlariga ko‘ra, Cyberwhistle – oddiy hushtak emas, balki premium-toifadagi kolleksion gadjet. U zanglamaydigan po‘latdan ishlangan va ko‘rinishi Cybertruck elektromobilini eslatadi.

“Cybertruck elektromobilidan ilhomlanib cheklangan miqdorda chiqarilgan Cyberwhistle hushtagi zanglamaydigan tibbiyot po‘latidan tayyorlangan premium toifadagi kolleksiya buyumi hisoblanadi”, — deyiladi mahsulot haqida.

Cyberwhistle narxi 50 dollar bo‘lib, uning dastlabki partiyasi sotib bo‘lingan.

Suzuvchi shahar

Janubiy Koreyaning Pusan shahri qirg‘oqlarida suzuvchi shahar qurish rejalashtirilyapti. U toshqin va zilzilalardan himoyalangan bir necha sun’iy orollardan iborat bo‘ladi. Shahar quyosh energiyasidan quvvat oladi, uning aholisi esa o‘simlik mahsulotlari bilan oziqlanadi.

Shahar oltiburchak shaklida bo‘ladi. Ma’lum qilinishicha, orollar dengiz sathi bilan birga ko‘tarilib, toshqin xavfini yo‘qotadi. Shahar zilzila, bo‘ron va sunamilardan himoya qiluvchi infratuzilma bilan jihozlanadi.

Loyiha mualliflari shaharni qurish qiymatini 200 million dollarga baholagan. Ma’lum qilinishicha, dunyodagi ilk suzuvchi shahar 2025 yilga borib quriladi.

Mavzuga oid