Hafta davomida Tramp Zelenskiyni maqtadi, Rossiyada benzin taqchilligi kuchaydi, Taker Karlson «samolyotdan tushib qoldi». Quyida haftaning shu va boshqa muhim voqealarini yodga olamiz.
Eron – AQSh muzokaralari
O‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishib olgan Eron va Amerika muzokara o‘tkazishni boshladi. Hech qanday natija bo‘lmasa ham, amerikaliklar jarangdor bayonotlar berishga kirishdi. Vitse-prezident Vens «Eron AEXA xodimlarini yadroviy obektlariga kiritishga rozi bo‘lganini» aytdi. Eron esa bu borada kelishuv bo‘lganini rad etdi.
Bu muzokaralarda ham Trampning milliarder do‘sti Uitkof bosh-qosh bo‘layotgani inobatga olinsa, u Shveytsariyaga ham Moskvaga olib borgan tarjimonini olib ketgan bo‘lishi mumkin. Esingizda bo‘lsa, Uitkoff Moskvada Putinning «Ukraina falon-falon hududlardan chiqib ketishi kerak», degan gapini «Rossiya o‘sha hududlardan chiqishga tayyor», deb tushunib kelgandi. Keyin Tramp bu gapga ishonib bayonotlar bergan va uyalib qolgan.
Bu gal ham shunday bo‘lmaganiga hech kim kafil bo‘lolmaydi. Bo‘lmasa Eron TIV Amerika vitse-prezidentining gapini rad etganini qanday tushunish mumkin? Xullas, muzokaralarda hech qanday siljish yo‘q, Eron yana vaqtdan yutayotganga o‘xshaydi. Amerika bayonotlardan, Tramp maqtanishdan nariga o‘tolmayapti. Bir so‘z bilan aytganda, Amerika diplomatiyasi eng yaxshi damlarini boshdan kechirmayotgani aniq.
Ukraina – Belarus nizosi
Ukraina va Belarus o‘rtasidagi munosabatlar borgan sari taranglashyapti. Rossiya 2022 yil Ukrainaga bosqinda Kiyevni olish uchun aynan Belarus hududidan kirgandi. O‘shandan buyon Ukraina Belarusni urush ishtirokchisi deb hisosblaydi. Oxirgi vaqtlarda Belarus hududida Rossiya dronlarini Ukrainaga yo‘naltirish uchun o‘rnatilgan retranslyatorlar ortidan ikki davlar munosabatlari yanada sovuqlashdi. Zelenskiy Lukashenkonkaga muddat berib, «Siz ularni yo‘qotmasangiz, biz yo‘qotamiz», deb ogohlantirdi. Qizig‘i, ana shu muddat vaqtida Belarusdagi rus dronlarini yo‘naltirish uchun ishlatilgan qurilmalar ishlamay qolgan.
Zelenskiy Rossiya Belarusni ham urushga tortishga intilayotganini aytib, Minskni urushning oqibatidan ogohlantirdi.
Tramp Zelenskiyni maqtadi
AQSh prezidenti Donald Tramp juda o‘zgaruvchan odam ekani haqida ko‘p aytganmiz. Trampda kim bilan gaplashsa, uning ta’siriga tushib qolish holati ko‘p kuzatilgan. Masalan, Putin bilan ko‘rishsa yoki telefonda gaplashsa, «frontda Rossiya odimlayotgani, Ukraina taslim bo‘lishi kerakligi» haqida aytadi. Zelenskiy bilan uchrashsa, «Ukrainada ishlar yomonmas», deydi. Albatta, o‘tgan yil 28 fevraldagi uchrashuvdan tashqari.






