Hafta davomida Ukraina va Rossiya bir-birining shaharlariga zarbalarni davom ettirdi. Yevropaliklar jaziramadan aziyat chekmoqda. Zalujniy Zelenskiyga prezident bo‘lmoqchi ekanini aytdi. Quyida haftaning shu va boshqa muhim voqealarini birgalikda eslaymiz.

Mantiqsiz urush davom etadi

Rossiya Ukrainada boshlagan mantiqsiz urush davom etadi. Front muzlagani sabab har ikki tomon bir-birining shaharlariga zarba berib yotibdi. O‘tgan hafta Rossiya Kiyevga urush davridagi eng vayronkor hujumlardan birini amalga oshirdi. Doimgidek raketa va dronlar asosan turar joy binolariga borib urildi, o‘nlab odamlar halok bo‘ldi.

Urush cho‘zilib ketgani uchun endi ikki tomon ham qo‘liga ilingan qurolni topib, to‘g‘ri kelgan tomonga otib yotibdi. Jabrini esa siyosatchilar emas, oddiy xalq chekmoqda. Siyosatchilar bunkeriga raketa zarar yetkazolmaydi, lekin onasi nonga yuborgan bola dron zarbasi sabab o‘lib ketishi mumkin. Mana shunaqa razil urush bo‘lmoqda ikki slavyan qo‘shnilar o‘rtasida.

Xominaiy janozasi

Eron sobiq oliy rahbari Ali Xominaiy ko‘pchilikning esidan chiqib ketdi. Chunki u 28 fevral kuni Amerika va Isroilning Tehronga zarbasidan keyin o‘lgandi. Lekin buni qarangki, Eronni 37 yil boshqargan diniy rahbarning jasadini hamon ko‘mishmagan ekan. Eronda bir haftalik vidolashuv marosimlari anons qilindi. Orada jasadni Karbaloga ham olib borib kelisharkan. Millionlab odamlar qatnashadigan bir haftalik vidolashuv marosimlaridan keyin Ali Xominaiy u tug‘ilgan Mashhad shahridagi Imom Rizo majmuasiga ko‘milarkan.

Janoza marosimi bilan bog‘liq ba’zi siyosiy intrigalar mavjud. Masalan, janoza marosimiga kim bosh-qosh bo‘lishi. Bu turdagi boshqaruv amalda bo‘lgan davlatlarda janozaga bosh-qosh bo‘lish siyosiy ahamiyatga ega. Karbaloda vidolashuv marosimi o‘tkazish bo‘yicha Iroqqa tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi borib keldi. Mamlakat ichida ham Araqchi eng asosiy siyosiy arbobdek ko‘rinmoqda, prezident Pizishkiyon biroz chekkada qolgandek.

Keyin janozani kim o‘qishi ham muhim savol. Odatda diniy rahbar o‘lsa, uning janozasini yangi diniy rahbar o‘qiydi. Mojtaba Xominaiy otasining janozasini o‘qiydimi? Shu aslida bu bir haftalik marosimning asosiy intrigasi. Eronda vidolashuv uchun 20 millionlab odam ko‘chaga chiqadi deyishmoqda, demak Amerika va Isroil zarba berishi ehtimoli yo‘q, Mojtaba Xominaiy endi bemalol xalq orasiga chiqishi mumkin. Janozani o‘qib, xalq oldida chiqish qilsa, uning siyosiy obro‘si qanchalik oshishini tasavvur qilavering.