— Bolaligimizdan akam bilan bir körpa ostida uxlaganimiz, birga mol boqib ulğayganimiz hammaniki qatori oddiy holdir. Lekin akam deyarli tengqur bölsak-da, ustim oçilib qolsa yopib qöyar, özimga bildirmay otam menga yuklab ketgan işlarni ham bajarar, kaltak yeyişini bilsa-da, meni himoya qilib, özidan bir neça yoş katta bolalar bilan ham yoqalaşaverardi.
Ulğaydik. Eng jiddiy sinov ikkovimiz ham maktabni bitirib, Toşkentga kelganimizda böldi. Bir vaqtda hujjat topşirdik, ikkovimiz ham kontrakt asosida qabul qilindik. Qişloqqa qaytganimizda ota-onam öqişga kirganimizdan qançalik quvongan bölsalar, qöşkontraktni öylab şunça öyga çömişdi. Oilada sakkiz farzandmiz. Birin-ketin uka-singillarimiz katta bölişyapti, rözğor ham ğordek.
Akam menga nisbatan ança nufuzli institutga kirgandi. Keçqurun ota-onamning şivirlab gaplaşganini eşitgan akam ertalab qat'iy qarorini aytdi: “Ukamni öqitinglar, men öqimayman!”
Har qança tuşuntirmaylik, bunday institutga har kim ham kira olmasligi, avval kattalar öqişi kerakligi, kiçiklarda yana imkoniyat bölişini aytmaylik, könmadi. Mollarni oldiga soldi va indamay çiqib ketdi...
Men uçun kontrakt tölaşdi. Öqib yurdim va qişki ta'tilda qişloqqa bordim. Tuflim eskirib ketgandi. Quçoqlab kutib olgan akam buni kördi. Qaytayotganida özining tuzukkina poyabzalini olib çiqdi.
– Mana buni kiyib ol. Öqişda eski tuflida yurmagin, – dedi közini yerdan uzmay.
– Qiziqmisiz, özingiz kiying. Tufli sizniki.
– Men kalişda ham yuraveraman. Sen buni albatta kiyib ket...
Akamning tuflisini kiyib Toşkentga qaytdim.
Vaqt ötdi. Bu orada talabalik davriga ham, poytaxtga ham könikib qoldim. Kunlarning birida akam Toşkentga savdo qilgani keldi. Birga bozorga bordik, akam yangi tufli sotib oldi. Uyoq-buyoğini çamalab menga qaradi:
– Kiyib kör-çi buni?
Kiyib kördim, loppa-loyiq keldi. Akam men yeçib qöygan, qaçondir özi bergan tuflini şartta kiyib oldi va dökonçi bilan hisob-kitob qilib, meni köçaga boşladi.
– Töxtang, bu tuflini özingizga oldingiz-ku, nega menga beryapsiz?
– Menga özi senga bergan tuflim yoqardi. Şuni qaytarib olaqoldim.
Nima deyişni ham bilmay qoldim. Közim ğilt-ğilt yoşga tölgandi...














