O‘zbekiston | 18:56 / 07.12.2021
9696
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqand shahridagi savdo do‘koni yonib ketdi

Samarqand shahri Sartepa massivida joylashgan savdo do‘koni yonib ketgan. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 7 dekabr kuni soat 15:08larda viloyat FVBga Samarqand shahri Sartepa massivida joylashgan tovuq mahsulotlarini pishirib sotishga ixtisoslashgan savdo do‘konida yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan.

Shunga ko‘ra, 3ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 15:15da voqea joyiga yetib borgan. Soat 15:17da yong‘in soat qurshab olingan va 15:22da bartaraf etilgan.

Yong‘in oqibatida savdo do‘konining taxminan 15 metr kvadrat maydonida shifti, tom qismi hamda ichidagi mahsulotlar yonib zararlangan.

Qayd etilishicha, hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan va halok bo‘lmagan. Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 7 dekabr kuni Denov shahri markazidagi savdo markazida kuchli portlash sodir bo‘lgan va yong‘in kelib chiqqan. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, unda 9 kishi tan jarohati olgan va ikki kishi vafot etgan.

Mavzuga oid