Jahon | 22:59 / 10.12.2021
53590
6 daqiqa o‘qiladi

SSSRdan keyingi 30 yil. Sobiq ittifoq respublikalarining iqtisodiyoti qanday rivojlandi?

Estoniya, Litva, Latviya, Armaniston va Gruziya boshqalarga qaraganda yaxshiroq islohotlar qila oldi. O‘zbekiston xomashyo eksportiga qaramligicha qolmoqda: avvaliga paxta, hozir esa oltin mamlakat eksportining katta qismini tashkil etadi.

Foto: Vsevolod Tarasevich / RIA Novosti

Iqtisodiy qudrati bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda bo‘lganini iddao qiladigan SSSR parchalanganiga 30 yil bo‘ldi. Uning o‘rnida esa hozirda umumiy yalpi ichki mahsuloti salkam 2,5 trillion dollarga teng 15ta mustaqil davlat shakllandi. Rossiyaning RBK nashri mustaqillikdan keyin sobiq sovet respublikalari qanday rivojlanganini tahlil qilib chiqdi.

BMT ma’lumotlarida, 1990 yildagi sovet ittifoqi iqtisodiyoti 791 mlrd dollarga baholangan. Bu paytda SSSR iqtisodiyoti nominal qiymatlarni hisobga olganda, rasman dunyodagi ikkinchi iqtisodiyot sifatida ko‘rsatilsa-da, aksariyat iqtisodchilarning fikriga ko‘ra, 1960-1980 yillarda sovet iqtisodiyotining o‘sish sur’ati doimiy ravishda pasayib borgan va bu oxir-oqibat rejali tizimning qulashiga olib kelgan.

SSSRda 1980-yillarning oxirigacha YaIMni hisoblash “milliy daromad” nazariyasi orqali amalga oshirilgan bo‘lib, sovet ittifoqi va G‘arb mamlakatlari iqtisodiyotlarining yalpi ichki mahsulotlarini hisoblash kriteriyalari bir-biriga mos kelmagan.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 1990 yilda sovet ittifoqining jahon yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 4,6 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hozirda 15ta sobiq sovet respublikasining jahon YaIMdagi umumiy ulushi qariyb 2,6 foizni tashkil etmoqda. Xalqaro valuta jamg‘armasi esa xarid qobiliyati paritetiga (PPP) asoslangan holda, sobiq sovet mamlakatlari YaIMning jahon iqtisodiyotidagi ulushini yuqoriroq – 4,7 foiz (shundan Rossiyaning ulushi 3 foiz) sifatida ko‘rsatgan.

Renaissance Capital investitsiya bankining Rossiya va MDH davlatlari bo‘yicha bosh iqtisodchisi Sofya Donetsning ta’kidlashicha, mustaqillikdan keyingi davr mobaynida ham possovet mamlakatlarining iqtisodiy o‘sishida yuqori korrelyatsiya saqlanib qolgan bo‘lib, agar krizis holati yuzaga kelsa, barchasiga ta’sir qiladi va birday muammolarga duch keladi.

SSSR parchalanganidan keyin mustaqillikka erishgan mamlakatlarning deyarli barchasining iqtisodiyotida 1996-1999 yilgacha pasayish kuzatilgan. 2009 yildagi jahon iqtisodiy inqirozi ham mamlakatlar iqtisodiyotining sekinlashishiga va qisqarishiga sabab bo‘lgan. Shuningdek, 2015-2016 yillarda Rossiya, Qozog‘iston, Ozarboyjon va Belarus kabi iqtisodiyoti neftga qaram mamlakatlarda aholi jon boshiga YaIM hajmi kamaygan. So‘nggi sinxron pasayish esa 2020 yildagi koronavirus pandemiyasi oqibatlarida sodir bo‘lgan.

Boltiqbo‘yi mamlakatlari boshqa possovet mamlakatlaridan ajralib turgani e’tiborga molik. Bu mamlakatlarda aholi jon boshiga YaIM ko‘rsatkichi kamida 1995 yildan beri o‘sib kelmoqda va 1996 yilda Estoniya bu ko‘rsatkich bo‘yicha Rossiyadan o‘zib ketib, birinchi o‘ringa chiqqan. Hozirgi vaqtda ham Estoniya, Litva va Latviya sobiq SSSR mamlakatlari orasida aholi jon boshiga YaIM bo‘yicha yetakchi o‘rinlarni egallaydi. Bundan tashqari, ushbu mamlakatlar 2002 yilda Yevropa Ittifoqi va NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berdi va 2004 yilda tashkilot ishtirokchilariga aylandi. O‘tgan davr mobaynida iqtisodiy o‘sish bilan birga, Boltiqbo‘yining bu 3ta davlatida umumiy aholi soni 25 foizga (7,9 mlndan 6 mlnga) kamaygan.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, iqtisodiyoti tabiiy gaz eksportiga asoslangan Turkmaniston 2020 yilga kelib real YaIMning 1991 yilga nisbatan eng yuqori o‘sish sur’atiga erishgan – 3,6 barobar (O‘zbekiston ikkinchi o‘rinda – 3,4 baravar).

Biroq Fitch reyting agentligi Turkmaniston yalpi ichki mahsulotining o‘sishi haqidagi ma’lumotlar ishonchliligiga jiddiy shubha bilan qarash kerak deb hisoblaydi.

“Turkmanistonning iqtisodiy o‘sishi haqida yozgan har bir kishi rasmiy raqamlar va haqiqat o‘rtasidagi tafovutni sezadi”, deya qayd etgan Eurasianet nashri.

Ukraina 1990 yilga nisbatan (19 foizga) aholi jon boshiga YaIMning xarid qobiliyati paritetidagi hajmi pasaygan yagona possovet davlati bo‘lgan. Bu pasayish Rossiya bilan mojaro, Donetsk va Lugansk xalq respublikalari tashkil etilgani sabab Donbassdagi sanoat sohasidagi katta yo‘qotishlar bilan ham izohlangan.

Sofya Donetsning fikricha, sobiq ittifoq mamlakatlaridagi iqtisodiy tebranishlarga bir qancha omillar ta’sir o‘tkazgan:

Boshqaruv uslublaridagi farq va bu borada taraqqiyotning bor-yo‘qligi. Siyosiy islohotni muvaffaqiyatli amalga oshirgan mamlakatlarga Armaniston va Gruziya, bunda muvaffaqiyatsizlikka uchraganlarga esa Ozarboyjon misol sifatida ko‘rsatilgan.

Demografik omil. O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlarida aholi tabiiy o‘sish hisobiga keskin ko‘paygan. Xususan, 2018 yilgacha Tojikiston aholisi 67,1 foiz, Turkmaniston aholisi 51,4 foiz, O‘zbekiston aholisi 49,8 foiz, Ozarboyjon aholisi 35,8 foiz, Qirg‘iziston aholisi 32,9 foiz, Qozog‘iston aholisi esa 12,6 foizga oshgan.

Tashqi omil. Possovet makonidagi mamlakatlarga Rossiya va dunyoning qolgan qismidagi mamlakatlar bilan aloqalarni muvozanatlash og‘ir yuk bo‘lmoqda.

Tabiiy resurslarning mavjudligi. Bu ham iqtisodiy rivojlanishning muhim omili hisoblanadi. Resurslar islohotlarning boshlanishida ustunlik berishi mumkin, ammo keyinchalik davlat institutlari rivojlanishi kerak (bunda Ozarboyjon misol qilib olingan bo‘lib, 2000-yillarda neft narxining oshishi hisobiga keskin rivojlana boshlashi va keyinchalik narxlarning tushishi fonida iqtisodiyotining turg‘unlasha boshlashi ko‘rsatilgan).

Qayd etilishicha, Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari (Qozog‘iston neft xomashyosi, Turkmaniston tabiiy gaz, Tojikiston alyuminiy, Qirg‘iziston elektroenergiya va oltin eksporti) kabi O‘zbekiston ham xomashyo eksportiga qaramligicha qolmoqda. Mustaqillikning keyingi yillarida umumiy eksportning 42 foizi paxta xomashyosiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2019 yildagi ma’lumotlarda O‘zbekiston umumiy eksportining 37 foizi oltin hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Mavzuga oid