O‘zbekiston | 20:20 / 11.12.2021
7517
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 7-oilaviy poliklinika faoliyati bilan tanishdi

Davlat rahbari poliklinikani zamonaviy tarzda kapital ta'mirlash, aholiga har tomonlama qulaylik yaratish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 7-oilaviy poliklinika faoliyati bilan tanishdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Mazkur muassasa so‘nggi bor 1991 yilda kapital, 2018 yilda esa joriy ta'mirlangan. Uning quvvati 250 qatnovga mo‘ljallangan bo‘lib, hududdagi 8ta mahallada yashovchi 41 ming nafar aholiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Yordamchi bo‘limlardan fizioterapiya, funksional diagnostika, endoskopiya, markaziy klinik laboratoriya, rentgen, ultratovush diagnostikasi hamda kunduzgi shifoxona faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Hozirgacha hududdagi aholining 93 foizi to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, 5 ming 518 nafar fuqaro uchun sog‘lomlashtirish chora-tadbirlari belgilandi.

Davlat rahbari poliklinikani zamonaviy tarzda kapital ta'mirlash, aholiga har tomonlama qulaylik yaratish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Mavjud diagnostika uskunalari ma'nan eskirgani sababli yangilariga almashtirish lozimligi ta'kidlandi.

— Ambulator va statsionar tibbiy xizmatni o‘zida jamlagan yangi tajribani amaliyotga joriy qilish kerak. Oilaviy poliklinikalarga biriktirilgan aholiga sifatli va arzon xizmat ko‘rsatish tizimiga o‘tish orqali hududdagi shifoxonalar bilan sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish lozim, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu yerda Mirzo Ulug‘bek tumanidagi tibbiyot muassasalari faoliyati haqida ma'lumot berildi.

Mavzuga oid