17:45 / 13.12.2021
21624

YeChLda qur’a mojarosi. Xatolik tufayli qur’a qayta o‘tkaziladi

YeChL qur’asi natijalari haqiqiy emas deb topildi.

Foto: Reuters

Bugun, 13 dekabr kuni UYeFAning Nonda joylashgan shtab-kvartirasida Yevropa Chempionlar ligasi 1/8 final bosqichiga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu bosqichdayoq turnirning ikki asosiy yulduzi – Messi yoki Ronalduning yangi jamoalari - «PSJ» va «MYu» o‘zaro raqib bo‘ldi.

YeChL 1/8 final juftliklari:

  • «Benfika» (Portugaliya) – «Real Madrid» (Ispaniya)
  • «Vilyarreal» (Ispaniya) – «Manchester Siti» (Angliya)
  • «Atletiko» (Ispaniya) – «Bavariya» (Germaniya)
  • «Zalsburg» (Avstriya) – «Liverpul» (Angliya)
  • «Inter» (Italiya) – «Ayaks» (Niderlandy)
  • «Sporting» (Portugaliya) – «Yuventus» (Italiya)
  • «Chelsi» (Angliya) – «Lill» (Fransiya)
  • «Pari Sen-Jyermen» (Fransiya) – «Manchester Yunayted» (Angliya)

Ko‘p o‘tmay UYeFA qur’a natijasini bekor qildi. Bunga klublar («Atletiko» va «MYu») tomonidan bildirilgan e’tirozlar sabab bo‘ldi.

Gap shundaki, UYeFA rasmiylari qur’a jarayonida 4ta qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yishdi:

1. «Vilyarreal»ga raqib tanlanayotganida ispanlarning guruhdagi raqibi «Manchester Yunayted» ham uning savatchasiga solindi va Andrey Arshavin tasodifan ushbu raqibni tanladi. Natijada, UYeFA rasmiylari bu borada xatoga yo‘l qo‘yilganini aytib, ikkinchi urinishda «Siti» chiqarildi. Aslida, «MYu» «Vilyarreal»ning guruhdagi raqibi sifatida savatchadan o‘rin olmasligi kerak edi.

2. Ikkinchi yo‘l qo‘yilgan xato - «Atletiko» uchun raqib tanlanayotganda «Manchester Yunayted» emas, «Liverpul» potensial raqib sifatida savatchadan joy oldi. «Atletiko» va «Liverpul» ham guruh bosqichida o‘zaro raqib bo‘lgandi. 

3. «Atletiko» uchun ehtimoliy raqiblar qatoriga «MYu» qo‘shilmadi. 

4. «Liverpul» uchun ehtimoliy raqiblar orasida «Vilyarreal» yo‘q edi.

Endi qaytadan qur’a tashlash marosimi Toshkent vaqti bilan soat 19:00da boshlanadi.

Mavzuga oid
Top