20:00 / 14.12.2021
9669

Samarqand davlat tibbiyot instituti 2-klinikasi davlat tibbiyot muassasalari orasida birinchi bo‘lib ISO sertifikatini oldi

Samarqand davlat tibbiyot instituti 2-klinikasi – bolalar xirurgiyasi markaziga O‘zbekistondagi davlat tibbiyot muassasalari orasida birinchi bo‘lib ISO sertifikati topshirildi.

Foto: Samarqand davlat tibbiyot instituti

Aytish joiz, mazkur klinika jahon andozalariga mos innovatsion va yuqori texnologiyali xirurgik davolash usullarini amaliyotga kiritish, ilmiy kadrlarni tayyorlash, hududlardagi davolash-profilaktika muassasalariga amaliy yordam ko‘rsatish borasida samarali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Markaz jami 200 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, unda kecha-yu kunduz bolalar xirurgiyasi bo‘yicha ixtisoslashgan xirurgik yordam ko‘rsatiladi. Bolalar xirurgiyasining barcha yo‘nalishlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bo‘limlar mavjud.

O‘tgan o‘ttiz yil davomida markazda jami 230 mingdan ortiq bemor davolanib chiqqan va 150 mingdan ortiq operatsiyalar o‘tkazilgan.

Foto: Samarqand davlat tibbiyot instituti
Foto: Samarqand davlat tibbiyot instituti
Foto: Samarqand davlat tibbiyot instituti

Markazga ISO sertifikatini G-CERTI xalqaro sertifikatlashtirish tashkilotining O‘zbekistondagi vakili Dilshod Muydinov topshirdi. Muydinov ISO sertifikati odatda biror tashkilotning mijozlarga ko‘rsatilayotgan sifatli xizmati uchun berilishini bildirdi. Xususan, SamDTI 2-klinikasining faoliyati G-CERTI xalqaro tashkiloti tomonidan o‘rganilgani va e’tirof etilganini ma’lum qildi.

Foto: Samarqand davlat tibbiyot instituti

“Markazimizda bugungi kunda nafaqat Samarqand, balki qo‘shni Navoiy, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlaridan xirurgik kasalliklarga chalingan bemorlarni qabul qilyapmiz. O‘rtacha bir yilda 20 mingta murojaat bo‘lsa, shundan 10 ming nafar bola davolanishga yotqiziladi. Olti mingta murakkab operatsiyalar o‘tkaziladi. Birgina urologiya sohasida ham kattagina yutuqlarga erishdik. Ushbu yo‘nalishda respublikada birinchi bo‘lib endourologik operatsiyalarni amalga oshirdik”, deydi SamDTI bolalar xirurgiyasi kafedrasi mudiri Shuhrat Yusupov.

Foto: Samarqand davlat tibbiyot instituti

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkin, bolalar xirurgiyasi markazi hozirgi kunda tibbiyoti rivojlangan ko‘plab davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Klinika shifokorlaridan 30 nafari Osiyo endoskopik va laparoskopik xirurglar uyushmasi a’zosi hisoblanadi.   

Samarqand davlat tibbiyot instituti 2-klinikasi – bolalar xirurgiyasi markazi Ⓣ

Top