Jahon | 19:00 / 14.12.2021
30881
3 daqiqa o‘qiladi

Sergey Tixanovskiy 18 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Foto: AFP

Belarus muxolifati yetakchisi Svetlana Tixanovskayaning turmush o‘rtog‘i bloger Sergey Tixanovskiy Gomel shahar sudi tomonidan 18 yilga ozodlikdan mahrum etildi. O‘tgan yil Belarus prezidentligi saylovida ishtirok etish uchun ariza topshirib, ro‘yxatdan o‘tkazilmagan bloger belaruslar orasida favqulodda mashhurlikka erishgandi.

Keyinchalik ekstremistik axborot manbasi deb e’lon qilingan «Strana dlya jizni» Telegram-kanali asoschisi bo‘lgan bloger ustidan sud ishi «ishtirokchilarning xavfsizligi uchun» yopiq tarzda o‘tkazilgan. 18 yilga ozodlikdan mahrum etilgan muxolifatchi jazoni kuchaytirilgan rejimdagi qamoqxonada o‘tashi belgilangan.

Sergey Tixanovskiyning advokati Natalya Matskevich 13 oktyabr kuni ishdan ketkazilgan, keyinroq advokatlik litsenziyasidan ham mahrum etilgandi. U Tixanovskiy qamoqxona izolyatorida ham o‘z g‘oyalariga sobit qolganini ta’kidladi. Muxolifatchining o‘zi esa ayblovni «asossiz, o‘ylab topilgan va siyosiylashtirilgan» deb atadi. «Tixanovskiy ishi» bo‘yicha uning maslakdoshlari Igor Losik 15 yilga, Artyom Sakov 16 yilga, Nikolay Statkevich 14 yilga, Vladimir Tsigankov 15 yilga, Dmitriy Popov 16 yilga qamaldi.

Foto: Uladz Hrydzin

Tixanovskiy ommaviy tartibsizliklar uyushtirish, ijtimoiy dushmanlik kayfiyati uyg‘otish, jamoat tartibini qo‘pol tarzda buzishda aybdor deb topilgan. Sudda Tixanovskiy tartibsizlik keltirib chiqarish uchun bir yil davomida tayyorgarlik ko‘rgani aytilgan.

Belarus prezidentligi saylovida ishtirok etgan Svetlana Tixanovskaya turmush o‘rtog‘i ustidan e’lon qilingan sud hukmiga munosabat bildirdi: «Diktator (Lukashenko nazarda tutilmoqda) eng kuchli raqiblaridan qasos olishda davom etmoqda. U siyosiy mahbuslar ustidan yopiq sud qilib, o‘z repressiyasini tinchgina davom ettiraman deb o‘ylayapti, ammo dunyo barchasini ko‘rib turibdi, biz to‘xtamaymiz», dedi siyosatchi.

«Strana dlya jizni» Telegram-kanali asoschisi Sergey Tixanovskiy 2020 yil may oyida Belarus prezidentligi uchun saylovda ishtirok etishini ma’lum qilgandi. Ammo uni nomzodlik uchun ro‘yxatga olishmagach, 9 avgust kuni o‘tkazilgan prezidentlik saylovlarida ishtirok etish uchun Tixanovskiyning xotini Svetlana ro‘yxatdan o‘tdi.

Foto: Uladz Hrydzin

2020 yil 29 may kuni Svetlana Tixanovskaya nomzodini qo‘llab-quvvatlash aksiyasida turmush o‘rtog‘i Sergey Tixanovskiy qo‘lga olinadi. Shundan buyon Tixanovskiy qamoqda bo‘lib turibdi. Uning ustidan sud jarayoni 2021 yil 24 iyunda boshlangandi.

2020 yil 9 avgust kuni o‘tkazilgan Belarus prezidentligi uchun saylovda rasman Aleksandr Lukashenko g‘olib bo‘lgandi. Natijalar haqiqiy emas deb hisoblagan minglab odamlar esa ko‘chalarga chiqib, norozilik aksiyalarida ishtirok etgandi. Saylovdan keyin mamlakatni tark etgan Svetlana Tixanovskaya Belarus muxolifatining yetakchisiga aylandi.

Mavzuga oid