Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Berlin Ukrainaga qurol-yarog‘ yordamini 200 mln dollarga oshiradi
Germaniya oktyabr oyida 500 mln dollarlik qurol-yarog‘ paketini moliyalashtirgan edi. Hajmi jami 1 mlrd dollar bo‘lgan yana ikki yangi paket esa Germaniya, Niderlandiya, Norvegiya va Polsha tomonidan birgalikda moliyalashtiriladi.
Germaniya Ukraina uchun Amerika qurol-yarog‘ini sotib olishga qo‘shimcha ravishda 200 mln dollar (taxminan 172 mln yevro) ajratadi. Bu haqda NATOga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlarining Bryusseldagi yig‘ilishi oldidan, chorshanba kuni, 3 dekabrda, GFR tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful ma’lum qildi. Unga ko‘ra, ushbu mablag‘lar NATO va AQSh prezidenti Donald Tramp o‘rtasidagi kelishuvga binoan 2025 yil yozidan beri amal qilayotgan PURL dasturi (Prioritised Ukraine Requiremens List — «Ukraina uchun ustuvor ehtiyojlar ro‘yxati») doirasida ajratiladi.
PURL mexanizmi ishga tushirilgandan keyin, Germaniya oktyabr oyida 500 mln dollarlik qurol-yarog‘ paketini moliyalashtirgan. PURL doirasidagi hajmi jami 1 mlrd dollar bo‘lgan yana ikki yangi paket Germaniya, Niderlandiya, Norvegiya va Polsha tomonidan birgalikda qoplanadi.
200 mln dollardan tashqari, Germaniya NATO jamg‘armasiga yana 25 mln yevro o‘tkazadi. Bu mablag‘lar, Vadefulning ta’kidlashicha, «frontda muz va qor sharoitida bo‘lgan ukrain harbiylari zarur qishki ekipirovka bilan ta’minlanishi va yetarli tibbiy yordam olishi» uchun yo‘naltiriladi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 17 sentabr kuni bildirishicha, PURL doirasida uning mamlakati allaqachon 2 mlrd dollardan ziyod mablag‘ olgan, yil yakuniga kelib esa umumiy qiymati 3–3,5 mlrd dollarlik qurol-yarog‘ olishga umid qilmoqda. Unga ko‘ra, bu pullar hisobidan, jumladan Patriot havo mudofaa tizimlari va HIMARS yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlari uchun raketalar xarid qilingan.
3 dekabr kuni Bryusselda NATO bosh kotibi Mark Ryutte alyansga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashuv o‘tkazishi rejalashtirilgandi. Unda, shuningdek, Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibixa va YeIning tashqi siyosat va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas ishtirok etishi kutilgan.
Avvalroq AQSh davlat kotibi Marko Rubio ushbu tadbirda qatnashmaslikka qaror qilgan va tashrifini aniq sabablarsiz bekor qilgan edi.