Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya 400 nafar migrantning mamlakatga kirishini 40 yilga taqiqladi
400 nafarga yaqin migrantning Moskvadagi mushtlashuvlar va boshqa qonunbuzarliklar uchun Rossiyaga kirishi 40 yilga taqiqlandi. Bu haqda jurnalistlarga Rossiya IIVning Migratsiya masalalari bo‘yicha bosh boshqarmasining Moskva bo‘yicha qochqinlar, vaqtinchalik boshpana berilganlar va ko‘chirilganlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Tatyana Dmitriyeva ma’lum qildi.
«Migrantlarning nomaqbul xulq-atvori - mushtlashuvlar, boshqa ruxsat etilmagan tadbirlar haqidagi masala ko‘tarildi. Aytishim mumkinki, Moskvada bunday tadbirlarda qatnashgan 400 nafarga yaqin shaxsga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rildi. Ularning Rossiyaga kirishi 40 yilga taqiqlandi. Amalda ular hech qachon Rossiyaga kira olmaydi», dedi u 18 dekabrda nishonlanadigan Xalqaro migrantlar kuniga bag‘ishlangan davra suhbatida.
Dmitriyevaning qo‘shimcha qilishicha, hozirda Moskvada 1,33 million migrant bor, bu o‘tgan yilga nisbatan 30 foizga ko‘p. Shu bilan birga, bu miqdoriy ko‘rsatkichlar 3-4 yil oldingiga qaraganda ancha kam. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu, ehtimol, migratsiya oqimining o‘zi kamayib borayotganidan, chet el fuqarolari kelayotgan mamlakatlarda ish o‘rinlari paydo bo‘layotganidan dalolat beradi.
«Migrantlarning qariyb 82 foizi mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun bizning davlatga kelmoqda», — deya qo‘shimcha qildi Dmitriyeva va gap asosan O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolari haqida ketayotganini ta’kidladi.