O‘zbekiston | 09:34 / 20.12.2021
5195
3 daqiqa o‘qiladi

“Toshkentda 10 oyda 524 kishini mashina urib ketgan. Biroq ularning hammasi ham haydovchilar aybi bilan sodir bo‘lmagan” – Toshkent shahar IIBB YHXB

Ma’lum bo‘lishicha, poytaxtda 2021 yilning 11 oyi mobaynida yo‘l harakati qoidalarini buzgan piyodalarga nisbatan 101 861 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Foto: IIV YHXBB axborot xizmati

“Statistik ma’lumotlarga ko‘ra poytaxtda ro‘y berayotgan yo‘l-transport hodisalarining 60 foizi piyodalar bilan bog‘liq. Shundan kelib chiqib Toshkent shahar IIBB YHXB tomonidan yo‘llarda harakatlanish vaqtidagi piyodalar bilan bog‘liq muammolar, ular tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklarning sabablari tahliliy o‘rganildi.

O‘rganish davomida aksariyat piyodalar yo‘l harakati qoidalariga taalluqli bo‘lgan yo‘l belgilari bilan tanish emasligi ma’lum bo‘ldi. Ko‘pchilik yerosti yo‘li mavjud joylarda ham yo‘lning belgilanmagan joyidan o‘tishga, piyodalar o‘tish yo‘lakchasi qolib, avtomobil qatnov qismining duch kelgan joyidan kesib o‘tishga odatlangan. Shuningdek, piyodalarning katta qismi svetoforga amal qilishmaydi. Bu o‘z navbatida yo‘l-transport hodisalarini keltirib chiqarmoqda”, deydi Toshkent shahar IIBB YHXB axborot xizmati rahbari Qahramon Xudoyberganov.

Qayd etilishicha, 2021 yilning 1 yanvaridan 30 noyabrigacha Toshkent shahrida piyodalar ishtirokida 524 ta YTH qayd etilgan bo‘lib, 32 kishi olgan tan jarohatlari natijasida hayotdan ko‘z yumgan. 487 nafar piyoda turli og‘irlikdagi jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan.

“Piyodalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarining hammasi ham haydovchilar aybi bilan sodir bo‘lmaydi. Ba’zida piyodaning o‘zi belgilangan qoidalarni buzib yo‘l-transport hodisasini keltirib chiqaradi. Natijada 2021 yilda birgina Toshkent shahrining o‘zida 524 kishini mashina urib ketgan.

Piyodalarning aksariyati yo‘l harakati qoidalarini, jumladan, yo‘lning qatnov qismini belgilanmagan joydan kesib o‘tish mumkin emasligini yaxshi biladi. Lekin bila turib qoidalarni buzaverishadi. Buning sababini izohlash qiyin. To‘g‘ri, bilmaydiganlar ham ko‘p. Biroq ularni izga solsa bo‘ladi, ammo qoidalarni mensimay ochiqchasiga buzishni odat tusiga kiritganlar haqida bir narsa deyish qiyin. 2021 yilning 11 oyi mobaynida yo‘l harakati qoidalarini buzgan piyodalarga nisbatan 101 861 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgani ham buni tasdiqlaydi”, deydi Qahramon Xudoyberganov.

Avvalroq ikki yilda ikki jiyani YTHga uchragan jurnalistning posti ortidan internetda bolalar ishtirokidagi avariyalar kun mavzusiga aylangandi.

Mavzuga oid