O‘zbekiston | 23:45 / 22.12.2021
12974
4 daqiqa o‘qiladi

Xalq ta’limi vazirligi xorijiy til o‘qituvchilariga ajratilayotgan pul bo‘yicha ogohlantirish bilan chiqdi

Xalq ta’limi vazirligi xorijiy til o‘qituvchilariga zamonaviy adabiyotlarni xarid qilish uchun 1 million so‘mdan pul mablag‘i ajratmoqda.

Foto: Getty Images

Ijtimoiy tarmoqlarda esa ushbu mablag‘larga hududlarning ayrim mudir va metodistlari ega chiqishga urinayotgani yuzasidan xabarlar tarqaldi.

Xalq ta’limi vazirligi holat yuzasidan bayonot bilan chiqdi.

Unga ko‘ra, xorijiy til o‘qituvchilari zamonaviy adabiyotlarni xarid qilish uchun ajratilayotgan 1 million so‘m mablag‘ni o‘zlari istagan adabiyotga sarflaydi va u o‘qituvchining shaxsiy mulki hisoblanadi.

«Hurmatli chet tili o‘qituvchilari.

O‘zbekiston prezidentining qarori bilan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan barcha xorijiy tillar o‘qituvchilariga davlat budjetidan zamonaviy adabiyot, darslik va o‘quv qo‘llanmalarini sotib olishi uchun 1 million so‘mdan mablag‘lar ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Bugungi kunda qaror ijrosini ta’minlash maqsadida respublika bo‘ylab chet tili fani o‘qituvchilarining shaxsiy plastik kartalariga ushbu mablag‘lar tushirib berilmoqda.

Lekin ayrim hududlardan ushbu mablag‘larni tasarruf qilishda hududiy xalq ta’limi boshqaruv organlari tomonidan asossiz talablar qo‘yilayotganligi to‘g‘risida shikoyatlar kelib tushmoqda.

Shu munosabat bilan, Xalq ta’limi vazirligi quyidagilarni bildiradi:

Birinchidan, xalq ta’limi hududiy bo‘limlariga 2021 yilning yakuniga qadar har bir chet tili o‘qituvchisining shaxsiy plastik kartasiga 1 million so‘mdan mablag‘ tushirib berilishi haqida ko‘rsatma berilgan. Shuningdek, Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi hamda Xalq ta’limi vazirligining 2021 yil 16 noyabrdagi qo‘shma qaroriga ko‘ra, chet tillari fani o‘qituvchilari zamonaviy adabiyotlarni har yilning 1 avgustiga qadar xarid qilishi belgilangan bo‘lib, 2021 yilning yakuniga qadar ushbu adabiyotlarni xarid qilib, savdo chekini taqdim etish talabi noto‘g‘ri ekanligini ta’kidlaymiz;

Ikkinchidan, Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi hamda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan chet tili fani o‘qituvchilari tomonidan xarid qilinishga tavsiya etilayotgan zamonaviy adabiyot, darslik va o‘quv qo‘llanmalari shakllantirilgan bo‘lib, bu ro‘yxatdan joy olgan adabiyotlarni xarid qilish majburiy emas, balki tavsiyaviy xarakterga ega. Ayrim hududlarda ushbu adabiyotlarni sotib olish imkoniyati mavjud bo‘lmagan holatda boshqa chet tilini o‘qitish va o‘rganishga yo‘naltirilgan adabiyotlarni xarid qilish imkoniyati mavjud. Shuningdek, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan faqatgina adabiyotlar ro‘yxati tavsiya qilingan bo‘lib, u yoki bu ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchi, kitob do‘koni tomonidan sotilayotgan adabiyotlarni sotib olish bo‘yicha hech qanday ko‘rsatma berilmagan. Bunday talab korrupsiogen hisoblanib, halol raqobatga to‘sqinlik qilishini ma’lum qilamiz.

Uchinchidan, chet tili fani o‘qituvchilari tomonidan xarid qilinayotgan zamonaviy adabiyotlar o‘qituvchining shaxsiy mulki hisoblanib, ushbu adabiyotlarni maktab kutubxonasiga topshirish talabi mutlaqo noqonuniy hisoblanadi.

Huquqingiz poymol qilinishiga yo‘l qo‘ymang», – deyiladi vazirlik bayonotida.

Qo‘shimcha qilinishicha, xorijiy til o‘qituvchilari yuqoridagi kabi holatlarga duch kelganda Xalq ta’limi vazirligining 71-202-09-09 Ishonch telefoniga murojaat qilishlari mumkin.

Mavzuga oid