Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukraina, Olimpiada, NATO va toliblar. Putin navbatdagi yillik matbuot anjumanida nimalar haqida gapirdi?
23 dekabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin jurnalistlar bilan navbatdagi yillik matbuot anjumanini o‘tkazdi. Rossiya rahbari matbuot anjumani davomida jurnalistlarni qiziqtirgan turli mavzulardagi savollarga javob berdi.
Aholi soni ozligi haqida
Demografiya sohasidagi muhim vazifalardan biri keskin tus olmoqda. Bunday ulkan hudud uchun 145 mln aholi mutlaqo yetarli emas. Bizda 81 mln nafar ishga yaroqli aholi bor. Bu ko‘rsatkichni 2024-2030 yillarga borib oshirish lozim.
Navalniy haqida
Rossiyani yengib bo‘lmaydi, uni faqatgina ichidan parchalash mumkin. Bu Birinchi jahon urushi davrida – aniqrog‘i, uning natijasida va 90-yillarda, sovet ittifoqini parchalashganida muvaffaqiyatli amalga oshirilgan. Buni kim amalga oshirgan? Boshqalarning manfaatiga xizmat qilganlar. Siz («Bi-bi-si» muxbiri Pyotr Kozlov) go‘yoki zaharlangan odam haqida gapirdingiz. Men Fransiya prezidenti, Germaniya kansleridan shaxsan so‘radim: zaharlanishni tasdiqlaydigan biror dalil beringlar. «Novichok» yoki boshqami, birorta material yo‘q. Mutaxassislar borishini, jinoyat ishiga asos bo‘lishi uchun tahlil olinishini taklif qilishdi. Yo‘q. Nol. Keling, bu sahifani yopamiz.
Mahkumlar har bir mamlakatda bo‘lgan va bo‘ladi. Jinoyat qilmaslik va siyosatni niqob qilmaslik kerak.
Ukraina va Donbassdagi vaziyat haqida
Endi urush-urush-urush deyishmoqda, go‘yoki yangi operatsiya tayyorlanayotgandek va Rossiyani unga aralashmaslikka chaqirishayotgandek tasavvur uyg‘onadi. Ikkinchi variant — bu hududda qurol bilan ta’minlangan, aholining miyasi zaharlangan anti-Rossiya yaratish. So‘ngra qurollangan tizimlar ostida radikallarni Donbass masalasini qurolli yo‘l bilan hal qilishga itarish. Ammo biz o‘z xavfsizligimizni ta’minlashni o‘ylashimiz kerak, Rossiya bu bilan qanday yashaydi? Hamisha xavotirdami?
Donbass kelajagini Donbassda yashayotganlar belgilaydi. Biz vositachimiz. Ammo muammo bor. Rossiya — vositachi, biroq bizni nizo tomoniga aylantirishni istashyapti. Minsk kelishuvlarida bu yo‘q.
Internetdagi cheklovlar haqida
Platformalar uchun bu birinchi navbatda biznes, ular uchun foyda olish birinchi o‘rinda turadi. Suitsidlarga chorlovlar va maktablardagi fojialar mana shundan, oxirgi vaqtlarda yuzdan ortiq ana shunday jinoyatlarning oldini oldik. Shu bois, bu platformalardan o‘z vakolatxonalarini ochishni talab qilyapmiz.
Oltin oraliqqa rioya qilish kerak, erkin fikr bildirish va axborot tarqatish erkinligini cheklamaslik, shu bilan birga jamiyatni salbiy oqibatlardan himoyalash. Ko‘plab mamlakatlarda trafikni cheklashdan tortib bloklashgacha boriladi. Biz bunday choralarga qo‘l urishni istamasdik. Biroq bizni bunga majbur qilishsa, talablarimizni kuchaytirishga majbur bo‘lamiz.
G‘arb bilan munosabatlar haqida
Kelgusi harakatlarimiz Rossiya xavfsizligini so‘zsiz ta’minlashdan kelib chiqadi. Biz NATOning sharqqa kengayishini qabul qilolmasligimizni anglatdik. Buning nimasi tushunarsiz? AQSh ostonamizda, biz ularnikida emas. 1990-yillarda sharqqa bir dyuym ham siljish bo‘lmaydi, deyishgandi. Xo‘sh, keyin-chi? Ahmoq qilishdi. Ochiqchasiga aldashdi. NATO kengayishining beshta to‘lqini, endi Ruminiya va Polshada tegishli tizimlar. AQSh va Buyuk Britaniya chegaralariga biz borganimiz yo‘q. Ular bizga kelishdi. Kafolat talab qilyapsiz. Aslida o‘n yillab laqillamasdan, siz kafolat berishingiz kerak va zudlik bilan. Biz kimgadir xavf solyapmizmi?
Biz NATOni sharqqa kengaytirmaslik kerakligini aytgandik. Ular esa qog‘ozda bunday gap yo‘qligini aytishdi.
Toliblar haqida
Rossiya va Afg‘oniston munosabatlari juda yaxshi yo‘lga qo‘yilishini istardim. Ammo toliblarni tan olishga kelsak, voqelikdan kelib chiqish lozim. Mamlakat rahbariyatida barcha etnik guruhlar bo‘lishidan kelib chiqish kerak. Hozirda afg‘on xalqiga yordam berish zarur. Buni afg‘on iqtisodiyoti va afg‘on jamiyatiga zarar yetkazganlar qilishi kerak. U yerda 20 yil yurgan va hamma narsani vayron qilganlar yordam berishi kerak. Birinchi navbatda banklardagi mablag‘larga qo‘yilgan to‘siqlarni olib tashlash kerak.
«Yangicha axloq» haqida
Yangicha axloq pandemiyaga o‘xshaydi. Yangi shtammlari paydo bo‘ladi, bundan qochib qutulishning iloji yo‘q. Ziddizahar topish kerak. Kimdir ayol va erkak bir deb hisoblasa, vijdoniga havola. Ammo sog‘lom aql bor-ku? AQShda zo‘rlash ayblovi bilan qamoqda o‘tirgan mahbus o‘zini ayol deb e’lon qildi. Uni ayollar qamoqxonasiga o‘tkazishdi va u shu zahoti yana o‘sha ishini qildi. Sportchi o‘zini ayol deb e’lon qilyapti va og‘ir atletikada qatnashyapti. Bu ketishda ayollar sporti butunlay yo‘qolib ketadi, sog‘lom aql bo‘lishi kerak axir.
Men ona – bu ona, ota – bu ota degan qarash tarafdoriman. Jamiyatimizda Rossiyadagi an’anaviy konfessiyalar singdirgan ichki axloqiy himoya borligiga umid qilaman. Xalqlarimizda bu zulmatga qarshi ichki immun himoyasi yetarli deb umid qilaman.
Qrim haqida
G‘alati vaziyat. Agar Qrim bosib olingan bo‘lsa, demak, qrimliklar zo‘ravonlik qurboni. Ularni nega sanksiyalar bilan jazolash kerak? Agar referendum orqali Rossiya tarkibiga o‘z ixtiyorlari bilan qaytgan bo‘lsa, demak, demokratiyaga qarshi kurashishyapti. G‘arb qrimliklarga tupurgan.
Pekin Olimpiadasining diplomatik boykot qilinishi haqida
Pekindagi Olimpiadani boykot qilish nomaqbul qaror. Men AQShning sobiq prezidentlaridan biri bilan gaplashdim. U 1980 yildagi Olimpiadani boykot qilish katta xato bo‘lganini aytdi. Ular yana o‘sha xatoni takrorlashyapti. Bu Xitoyning rivojlanishini to‘xtatishga urinish. Sport va san’at xalqlarni ajratishi emas, odamlarni birlashtirishi kerak.
Sanksiyalarning sababi bitta – ehtimoliy raqobatchilarning boshini ko‘tarishiga imkon bermaslik. Xitoy, albatta, dunyoning birinchi raqamli iqtisodiyotiga aylanadi. Ular buni tushungani uchun shunday qilayotgan bo‘lishi mumkin.
Rossiya prezidentining bu galgi matbuot anjumani 3 soat 55 daqiqa davom etdi. Unda 500dan ortiq jurnalist qatnashdi.
Mavzuga oid
10:45 / 16.06.2026
Zelenskiy Putinga G7 sammitida uchrashuv o‘tkazishni taklif qildi
08:59 / 15.06.2026
Zelenskiy G7 sammitida Tramp bilan uchrashishini ma’lum qildi
10:02 / 13.06.2026
Ukraina armiyasida keng ko‘lamli islohotlar boshlandi
14:20 / 11.06.2026