Shubhasiz, XX asrning eng muhim voqealaridan biri 69 yil davomida dunyoning ikkinchi qutbi sifatida yashab kelgan SSSRning parchalanib ketishi hisoblanadi. Bu hodisani SSSRga tobe bo‘lishni xohlamay jahon hamjamiyatidagi boshqa davlatlar bilan o‘zaro teng huquqli, mustaqil sub’yekt sifatida munosabat o‘rnatishni xohlaydiganlar ulkan quvonch bilan, kommunistlar va KPSS g‘oyalariga sodiqlar esa «haqiqiy zarba va fojia» sifatida qabul qildi.

SSSRning birinchi va oxirgi prezidenti

Ko‘pchilik SSSR parchalanishini 1985 yilning 11 mart sanasida KPSS Markaziy Qo‘mitasi Bosh sekretarligiga kelgan 54 yoshli Mixail Gorbachyov bilan bog‘laydi.

Uning siyosati tarixga «qayta qurish» nomi bilan kirdi va vaziyatni o‘nglash uchun bir qator islohotlar o‘tkazishga urindi. 1989 yil 15 fevralda SSSR qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqish tugatilib, bu harbiy mojaroga nuqta qo‘yildi. Mamlakatda senzura deyarli olib tashlandi. Hatto 1990 yilda KPSSning gegemonligiga chek qo‘yilib, unga muxolif bo‘lgan partiyalar tuzishga ham ruxsat berildi. Ko‘ppartiyaviylik reallikka aylanib ulgurdi. Ularning ayrimlari KPSS bilan raqobatlasha boshladi va mamlakatdagi siyosiy ahvolning murakkablashuviga sabab bo‘layotgan sotsialistik tuzumni, KPSSning davlat hokimiyatiga bo‘lgan monopol huquqini inkor eta boshladi. Ayni paytda KPSSning o‘zida ham 3 oqimga bo‘linish yuz beradi.

Mamlakatda senzura deyarli olib tashlandi. Biroq bular mavjud tuzumni saqlab qola olmadi. Ana shunday holatda ittifoqdosh respublikalarda milliy uyg‘onish harakatlari boshlandi. Har bir respublikada milliy til davlat tili deb e’lon qilindi. Voqealar, ayniqsa 1990 yildan keyin juda tezlashib ketdi. O‘sha yili nafaqat ittifoqdosh respublikalar, balki ularning tarkibida bo‘lgan avtonom hududlarning aksariyati o‘z mustaqillik deklaratsiyasini e’lon qilgan bo‘lsa, yana bir qismi kengaytirilgan avtonomiya talabi bilan chiqdi. Shu tariqa SSSR so‘nggi kunlarini yashayotgani aniq bo‘la boshladi.

O‘sha mashhur «GKChP»

Gorbachyov ittifoqdosh mamlakatlar xohlagan vaqtida mustaqil bo‘lishi mumkinligi haqidagi g‘oyani olg‘a suradi. 1990 yilga kelib Boltiqbo‘yi mamlakatlari Latviya, Litva hamda Estoniyaning o‘zini SSSRdan mustaqil davlat deb e’lon qilishi esa barchasini yanada tezlashtirib yuboradi. Ayni shunday vaziyatda mashhur GKChP hodisasi ro‘y berdi. Bu SSSRni saqlab qolmoqchi bo‘lganlar tomonidan uyushtirilgan davlat to‘ntarishi edi. 1991 yilning avgustiga kelib vaziyat juda murakkablashib ketadi.

4 avgust kuni Gorbachyov Qrimga dam olish uchun ketadi va qaytib kelganidan so‘ng «Mustaqil Respublikalar Ittifoqi» haqidagi shartnoma imzolanishi kerak edi. Bunga chidab tura olmagan SSSR vitse-prezidenti Gennadiy Yanayev hamda KGB raisi Vladimir Kryuchkov rahbarligidagi guruh Gorbachyov ta’tilda ekanidan foydalanib mamlakatda GKChP, favqulodda holat e’lon qilishadi. Xalqqa o‘qib eshittirilgan bayonotda Mixail Gorbachyov salomatligi yomonlashgani uchun o‘z vazifasini bajara olmasligi, shu sabab mamlakatni 6 oy davomida 8 kishidan iborat kengash boshqarishi, yarim yildan so‘ng esa saylovlar o‘tkazilishi ma’lum qilinadi. Mamlakat hududidagi GKChP manfaatiga xizmat qilmaydigan barcha nashrlar vaqtincha faoliyatini to‘xtatadi. Ishlayotgan boshqa nashrlar ham qattiq senzuraga olinadi, kompartiyadan boshqa qolgan barcha partiyalar faoliyati cheklanadi. GKChP mamlakat nazoratini qo‘lga olishni poytaxt Moskvadan boshlaydi. Ana shunday bir vaziyatda Boris Yelsin katta sahnaga chiqadi va GKChPning harakatlarini konstitutsiyaga zid deb ataydi va sodir bo‘layotgan voqealar davlat to‘ntarishidan boshqa narsa emasligini ma’lum qiladi. Yelsinning murojaatidan keyin Moskvada 200 mingdan ortiq, Peterburgda 400 mingdan ortiq odam markaziy maydonlarga chiqib GKChPga qarshi namoyishlarda qatnashadi. 20 avgustdan 21 avgustga o‘tar kechasi Moskvada GKChPga bo‘ysunuvchi askarlar hamda Oq uy himoyasidagi ko‘ngillilar o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ladi. 21 avgust tongida SSSR mudofaa vaziri Yazov Moskvadagi barcha qo‘shin va texnikalarni shahardan olib chiqishga buyruq beradi. Bu GKChP tugagani va amalda SSSRni saqlab qolish imkonsiz ekanini ko‘rsatardi. Shu tariqa, SSSRni saqlab qolish uchun tuzilgan GKChP 3 kun o‘tib barbod bo‘ladi.