Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ta’limga investitsiya: O‘zbekistonda ham talabalar kontraktiga homiylik an’anasi paydo bo‘ladimi?
Yaqinda talabalarning kontrakt to‘lovlari muddati 31 dekabrga qadar uzaytirildi. Bu ham muhtojlar uchun o‘ziga xos imkoniyat. Lekin muddat uzaytirilib, to‘lov qismlarga bo‘linsa-da, shu mablag‘ baribir to‘lab berilishi lozim. Muhtojlar, imkoniyati cheklanganlarga O‘zbekistonda qanday imkoniyatlar bor?
Dunyo bo‘ylab talabalar ta’lim olishi uchun qator moliyaviy dasturlar mavjud va homiylar yosh avlodning bilim olishi uchun ayamay pul tikishadi. Lekin O‘zbekistonda xayriyaning bu shakli ko‘ngildagidek rivojlanyapti deyish qiyin, onda-sonda e’lon qilinadigan loyihalar o‘ta yuqori talabni qoplab bera olmaydi.
Bugun shu yo‘nalishda ish olib boruvchi ikki suhbatdoshning bu boradagi fikrlari bilan qiziqdik.
Xushnudbek Xudoyberdiyev, huquqshunos, O‘zbekiston milliy axborot agentligi bosh direktori o‘rinbosari, talabalar kontrakt to‘lovlariga homiylarni jalb qiluvchi «Metsenat» loyihasi asoschisi:
– «Metsenat» loyihasiga bir yil bo‘ldi. Ish prinsipi juda oddiy – ehson qiluvchilarni haqiqiy ehtiyojmandlarga bog‘lab qo‘yish, ilmli, iqtidorli yoshlar va ilmga investitsiya qiluvchilar o‘rtasida ko‘prik bo‘lish. Oltin qoidamiz – barcha xizmatlar bepul, ya’ni biz yaratgan maxsus platformadan foydalanish uchun haq olinmaydi.
Yana bir qoidamiz – g‘oliblarni tanlashda ishtirok etmaslik. Ya’ni biz homiyning tanloviga aralashmaymiz, faqat kerakli ma’lumotlar bilan ta’minlaymiz. Masalan, homiy «Menga Surxondaryo viloyatidan bo‘lgan, tibbiyot yo‘nalishida tahsil olayotgan yetim talaba kerak» desa, biz homiyning vaqtini tejab, filtrlab, kerakli talabgorlarni beramiz.
Ma’lumot uchun: «Metsenat» loyihasi doirasida 1 yilda jami ajratilgan mablag‘ 6 mlrd 868 million so‘mni tashkil qildi.
Deyarli barcha yetakchi OAV bilan axborot hamkorligini yo‘lga qo‘yganmiz, ular bu ijtimoiy loyiha bo‘lgani uchun o‘z maydonlarida bepul joylashtirib berishadi. Ana shuni reklama deb hisoblasak, anchagina mablag‘ kelib chiqadi. Ya’ni biror kompaniya ta’lim uchun grant e’lon qilsa, bu e’lon yetakchi OAVda bepul tarqatiladi va o‘sha kompaniya imiji uchun juda foydali. Bu ham biz tomonimizdan o‘ziga xos bonus.
– Natijalar to‘g‘risida so‘zlab bersangiz, ko‘pchilikni raqamlar qiziqtiradi.
– Bir yil davomida loyiha doirasida 13ta yo‘nalishda ta’lim grantlari va 4ta yo‘nalishda stipendiyalar e’lon qilindi. Jami 1963 nafar talaba uchun turli grantlar e’lon qilindi. Bularning hammasi kontrakt emas, stipendiyalar, o‘quv markazlari to‘lovlari, loyihalarni moliyalashtiruvchi grantlar ham bor. Jami ajratilgan mablag‘ miqdori 6 mlrd 868 million so‘mni tashkil qildi.
Bevosita kontraktlar to‘lovi bo‘yicha aniq raqamlarga kelsak, 1 yil ichida 305 nafar talabaning kontraktlarini to‘lash uchun 900 mln so‘mga yaqin mablag‘ sarflangan. Stipendiyalar uchun esa 40 nafar talabaga 265 mln so‘m mablag‘ ajratilgan. Qolganlari boshqa yo‘nalishlardagi grantlar bo‘lgan. Masalan, yaqinda Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan «Astrum» IT akademiyasida o‘qish xarajatlarini qoplash uchun 100 nafar yoshlarga 1,5 mlrd so‘mlik grant e’lon qilindi. Albatta, balki buni bevosita talabalarning to‘lov-kontrakti uchun deb qabul qilmaslik ham mumkindir, lekin asosiy maqsad baribir bitta — ta’lim uchun investitsiya kiritish. Albatta, hozirgi natijalarimiz ham chakkimas, biz bu loyihani kengaytirish niyatidamiz.
– Xushnudbek, fikringizcha nima uchun O‘zbekistonda ta’limga homiylik qilish ko‘ngildagidek rivojlanmayapti?
– Og‘riqli savol, mushohadaga undaydigan savol. Ming afsuski, bizda «O‘qib shahar olib berarmiding?» degan qoloq tushuncha juda qattiq singib qolgan. Lekin sekin–asta ilmga chanqoqlik oshib boryapti. Masalan, so‘nggi yillarda qizlarni o‘qitish ko‘payyapti, bu juda yaxshi. Qolaversa, jamiyat o‘zi ilmli odam nisbatan yaxshiroq yashayotgani, ko‘proq imkoniyatlarga ega bo‘layotganini his qilyapti. Bu esa baribir ta’limga investitsiya kiritishga undaydi.
Bizning o‘ziga xos mentalitetimizni ham hisobga olish lozim, ya’ni homiylar yo‘q emas, bor. Lekin ular o‘z xayriyalarini pinhona qilishga intilishadi. Holbuki, oshkora qilish ham taqiqlanmagan, o‘rnak bo‘lish mumkin. G‘arb bilan solishtirsak, ularda ta’limga homiylik asriy an’ana tusiga kirgan. Bizda esa endi-endi mulkdorlik rivojlanyapti, odamlar bunday xayriya ishlariga endi e’tibor qarata olishyapti, imkoniyat topishyapti. O‘ylaymanki asta-sekin bizda ham ta’limga homiylik madaniyati shakllanadi.
Ikkinchi suhbatdosh – Bobur Mamadaliyev, AQShda yashovchi tadbirkor:
– O‘zbekiston vatanimiz, unutmaymiz. Albatta, qilingan xayriyalar haqida gapirish biroz noqulay. Lekin gap boshqalarni ham bu ishga jalb qilish haqida ketar ekan, fikrlarimizni bildirsak bo‘ladi.
15-20 kishiga to‘lash istagida ish boshlagan bo‘lsak, ikki sutkaning ichida 350 dan ortiq murojaatlar kelib tushdi.
Oldin ehsonlarimiz bo‘lsa, dadam o‘zi muhtojlarni surishtirib topib, tarqatib berardi, biz farzandlar aralashmasdik. Dadamning vafotidan keyin ma’lum muddat bu ishlar to‘xtab qoldi. Yaqinda vatandagi do‘stlarga bu borada maslahat solganimizda talabalarning kontraktlariga to‘lashni tavsiya qilishdi. Shu fikr ma’qul tuyuldi va 200 mln so‘mcha mablag‘ ajratdik. Muhtojlarni topish uchun birgina ijtimoiy tarmoqda qisqa e’lon berildi.
Ishonasizmi, 15-20 kishiga to‘lash istagida ish boshlagan bo‘lsak, ikki sutkaning ichida 350 dan ortiq murojaatlar kelib tushdi va e’lon bekor qilinganiga qaramay hanuz xatlar kelishda davom etmoqda. Ularni o‘rganish, eng munosiblarini saralab olish uchun uch kun o‘tirdik va o‘zimiz tanlab olganlar bilan aloqaga chiqib, haqiqiy muhtojlarga kontrakt pullarini to‘lab berdik. Afsuski, talab juda yuqoriligi uchun ko‘pchilikka yetmadi, bizdan xafa bo‘lganlar, ishonmaganlar ham bo‘ldi.
Shunda angladimki, bu borada qilinadigan ishlar juda ko‘p ekan. Aniqroq aytsak, O‘zbekistonda ta’lim to‘loviga homiylik an’anasi deyarli shakllanmagan.
O‘zim AQShda o‘qiganman. Albatta, ikki davlat iqtisodini qiyoslash mumkin emas, lekin ta’limga munosabatda ibratli jihatlar juda ko‘p. Bu yerda ham universitetlarning to‘lovlarini eshitib qo‘rqib ketasiz. Lekin aynan homiylik, turli grantlar, talabaning intilishlarini rag‘batlantirish orqali to‘lanadigan mablag‘lar keskin kamaya boradi. O‘zini hurmat qilgan har bir universitet bitiruvchisi hayotda muvaffaqiyatga erisharkan, daromadining ma’lum qismini shu ta’lim dargohi ravnaqiga sarflashni sharaf deb hisoblaydi. Ya’ni bunday an’analarda uzviylik bor.
Yana bir jihat – men axborot menejmenti sohasida magistraturada o‘qiganman. Men bilan birga 70 yoshli kishi tahsil olardi. Bir kuni hazillashib «Sizga o‘qishning qanday zarurati bor, bitirib nima qilmoqchisiz?», deya so‘radim.
Javob meni hayratlantirdi: «Harbiy bo‘lganman. Davlat men istagan paytda ta’lim xarajatlarimni qoplab beradi. Xohlaganimcha ixtisosligimni o‘zgartirishim, malakamni oshirishim mumkin», degandi kursdosh amaki. Demoqchimanki, davlatning o‘zi ham qator yo‘nalishlarda homiylik qiladi.
Istardimki, O‘zbekistonda ham homiylik an’analari yo‘lga qo‘yilsa, badavlat insonlar, tadbirkorlar talabalarga ko‘mak berishni odat qilsalar.
Talabalar ertangi kunimiz egalari, deyish balandparvoz gap tuyuladi. Lekin aynan shunday. Bobolarimiz qadimda madrasalar atrofida yurib, muhtoj talabalarga pinhona yordam berib ketishni odat qilganlar. Bugun ana shu an’anani turli shaklda tiklash, muhtojlik ezib turgan yoshlarga tirgak bo‘lish vaqti kelgan. Sizda ham shunday istak tug‘ilgan bo‘lsa hali kech emas, atrofingizda ham kontrakt to‘loviga qiynalib turganlar anchagina...
Abror Zohidov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
11:10
Nodavlat ta’lim muassasalari qonunbuzilish xavfi bo‘yicha baholanadi
13:43 / 02.06.2026
“Davlat maktablarining asosiy vazifasi bolalarni ma’lum vaqt ushlab turish bo‘lib qoldi” – Hamid Sodiq
08:38 / 02.06.2026
Germaniyada o‘zbekistonlik yoshlar uchun maxsus ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yiladi
16:49 / 30.05.2026